Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida bank xodimlari fuqarolarning pensiya va nafaqa pullarini o‘zlashtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, «Xalq bank» Shahrisabz filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, filialning 4-sonli sayyor kassa buxgalter nazoratchisi S.I. va kassiri N.R.lar mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Ular tumandagi 150 nafar fuqaroga mart, aprel va may oylari uchun ajratilgan 100,5 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini bermasdan, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab talon-toroj qilganliklari aniqlandi, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilishicha, tekshiruv davomida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishi ta’minlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Ularga BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi xavf solmoqda.

Eslatib o‘tamiz, nafaqa pullarini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari o‘tgan yili Toshkent shahri va Asaka tumanlarida ham aniqlangandi.