O‘zbekiston hududlarida 15 kgdan ortiq giyohvandlik moddasi aylanmasiga chek qo‘ydi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, avvaliga «Sirdaryo» YPX maskanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Qashqadaryo viloyatidan Toshkent viloyati tomon harakatlanib kelayotgan 1986 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Nexia» avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Avtomobilning yukxonasiga yashirib qo‘yilgan 4 kg 534 gr «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. «Ushbu fuqaro tojikistonlik narkosavdogar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan yuborilgan narkotik moddalarni xufiya joylarga yashirib, mijozlarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan», — deyiladi xabarda.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida gumonlanuvchini Toshkent shahrida yashovchi (1977 y.t.) muqaddam sudlangan sherigi Zangiota tumanida kutib turganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor qidiruv tadbirlari doirasida ularning yana bir sherigi, Qarshi shahrida yashovchi (1980 y.t.) shaxsning xonadonidan 11 kg 168 gr «gashish» giyohvandlik vositasi o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 15 kg 702 gr «gashish» giyohvandlik vositasi musodara qilingan, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, to‘rtta hududda qo‘shni davlatlardan olib kirilgan giyohvandlik vositalari savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgandik.