«Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Iroq bahsida muxlislar tomonidan otilgan tosh fotosuratchi va operatorni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi, deya xabar qildi Championat.Asia.Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida muxlislar tomonidan otilgan tosh fotosuratchiga kelib tegdi va u shifokorlar yordamiga muhtoj bo‘lib qolgan.

U-23 Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Miroslav Soukup o‘yin to‘xtatilishi kerakligini ta’kidladi.

«Faoliyatimda birinchi marta toshlar ostida futbol o‘ynadik. O‘yinchilarim chigilyozdi mashg‘ulotlarini o‘tkaza olishmadi. Murabbiylar shtabi zaxira o‘rindig‘idan boshqa joyga chiqa olmadi. Sababi, muxlislar biz tomon toshlar uloqtirishdi. OFKga savolim bor: bu normal holatmi? Kechirasiz-ku, o‘yin to‘xtatilishi kerak edi. Men o‘yin haqida fikr bildirmoqchi emasman. Bu mening Iroq terma jamoasidagi so‘nggi o‘yinim edi. Mening shartnomam o‘z yakuniga yetdi. Natijadan emas, qanday mag‘lub bo‘lganimizdan xafaman. Muxlislar bizga keragidan ortiq bosim qilishdi. Bu adolatdan emas. Biz havfsiz o‘ynashimiz kerak edi. Jarohatlardan qo‘rqishimiz emas», — dedi chexiyalik mutaxassis.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov: «Maydonga tosh otgan har bir muxlis toshni yoshlarimiz, xalqimiz, mamlakatimizni yuziga otganini bilishi kerak», — dedi.

Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni 23 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilar o‘rtasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston termasi penaltilar seriyasida Iroq jamoasi ustidan g‘alaba qozondi — 2:2 (3:2). Mazkur o‘yin natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Osiyo kubogi yarim finaliga chiqdi.