10 iyun kuni prezident «Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [277-sonli] qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Unga ko‘ra, vazirlik yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Cohada davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoring qiladi.

Shuningdek, vazirlik yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslarga sohada bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, yerlar sifatining yomonlashish jarayoni, ular hosildorligining pasayishi — yerlar degradatsiyasidir. Qurg‘oq iqlim sharoitida yerlar degradatsiyasi ko‘p hollarda cho‘llanish jarayoniga o‘tib ketadi, bunda hosildor yer sahroga aylanadi.