Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, asli afg‘onistonlik Germaniya fuqarosi bo‘lgan 47 yoshli Abdulvahob Qayumiyning o‘limi bo‘yicha besh kishi sudlandi, deb xabar berdi «Sevimli» telekanalining «Zamon» dasturi.

Marhumning turmush o‘rtog‘i Nezahat Qayumiy sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etish uchun Germaniyadan keldi. U turmush o‘rtog‘i uchun O‘zbekiston o‘z vataniga aylanganini ta’kidladi. Germaniyaga qaytishni so‘rashganida, Abdulvahob Qayumiy bunga javoban oilasini O‘zbekistonga taklif qilgan va ushbu mamlakatda qiladigan ishlari ko‘p ekanini aytgan. «U biznes bilan shug‘ullana boshlaganidan keyin Germaniyaga ko‘p sayohat qilmadi», — dedi ayol.


Dasturda qayd etilishicha, ushbu tumanda istiqomat qiluvchi besh fuqaro Qayumiyning ijaraga olgan uyiga niqob kiygan holda bostirib kirgan. Bosqinchilar dastlab uyni elektr tarmog‘idan, xavfsizlik kameralaridan uzishgan. Ayblanuvchilar marhumni tayoq va metall buyumlar bilan urib, qo‘l va oyoqlarini sindirishgan. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Ayblanuvchilardan biri, taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan shaxs Germaniya fuqarosidan giyohvand moddalarni o‘g‘rilamoqchi bo‘lishgani, chunki bu hudud yoshlarini zaharlaganini aytdi.

Muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs Germaniya fuqarosining uyiga elektrchi sifatida taklif qilingan. Ishni tugatgandan so‘ng u katta miqdorda pul bor degan gumonga borib, o‘g‘rilik uyuushtirishni rejalashtirgan. Bu ishga o‘zining to‘rt sherigini ham taklif qilgan va ularga ikki xalta giyohvand moddalarni o‘g‘rilash rejalari haqida ma’lum qilgan. Biroq ular uyda pul topa olishmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudi sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «v» bandi (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab talon-toroj qilish) va 104-modda 3-qismi «d» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish tufayli jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lish) bilan aybdor deb topdi.

Jinoiy guruh rahbari 19 yilga, uning uch sherigi 16−18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ularni marhumning uyiga olib borgan taksi haydovchisi 13 yilga qamaldi.