Hukumatning 7 iyundagi qarori bilan «Yoshlar daftari»ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Nizomga ko‘ra, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan va boshqa yoshlar uchun qator subsidiyalar joriy etildi. Mablag‘lar tuman (shahar) «Yoshlar daftari» jamg‘armasidan moliyalashtiriladi.

Jumladan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan va moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam (BHMning 4 baravarigacha — 1 mln 200 ming so‘mgacha) beriladi.

Shuningdek, daftardagi yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi (bir oygacha BHMning 4, bir oydan ikki oygacha BHMning 8, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun BHMning 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi) qoplab beriladi.

Shuningdek, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga qo‘yidagilar uchun subsidiyalar beriladi:

  • ularning davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi harajatlarini qoplash uchun BHMning 4 baravarigacha;
  • dehqonchilik va tomorqa ho‘jaligini yuritish bilan sho‘g‘illanayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha;
  • tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda 30 foiz, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan qismiga;
  • tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga BHMning 40 baravarigacha;
  • yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarni o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha;
  • ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 1 baravarigacha;
  • ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish harajatlari uchun BHMning 4 baravarigacha hamda xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, respublikadagi professional (kollej) va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan, «Temir daftar»ga kiritilgan yoshlarning to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdori to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh oilalarning o‘quvchi farzandlari uchun bir kalendar yilida bir marotaba maktab formasi hamda o‘quv qurollari xarajatlari qoplanadi.

Yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining 3 oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi.

Moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha subsidiya beriladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Yoshlarga yangi turmush qurayotganda, o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishga kafillik beriladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda ajratiladi.