Prezident 7 iyun kuni “Reklama to‘g‘risida"gi [776-sonli] qonunni imzoladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi. U Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 28 dekabrda, Senat tomonidan esa 2022 yil 17 martda ma’qullangan.

Hujjatga ko‘ra, endilikda maktabgacha ta’limda (bog‘cha) hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlar reklama qilinmaydi. Shuningdek, ️narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish ham ta’qiqlanmoqda.

Bolalarga axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish ham ta’qiqlanadi. Bu ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bilan bog‘liq.

Qolaversa, bundan keyin milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanilmaydi.

Qonunga muvofiq, voyaga yetmaganlarning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
  • ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish;
  • voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi. Mazkur tartib 17 mart kuni senatorlar tomonidan ma’qullangandi.

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davomiyligi 10 daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach (taxminan 7 sentabrdan) kuchga kiradi.