Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni «Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonunni imzoladi. U uch oydan keyin, sentabr oyining boshida kuchga kiradi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 28 dekabrda qabul qilingan va 17 martda Senat tomonidan ma’qullangan.

Qonunda reklamada qo‘llaniladigan tilga, shuningdek, reklama mazmunini davlat tilidan boshqa tillarga tarjima qilishga nisbatan yangi talablar belgilandi.

Yangilangan «Reklama tili» moddasiga ko‘ra, avvalgidek, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari hamda logotiplar asl tilda ko‘rsatilishi mumkin. Reklamaning o‘zi davlat tilida tarqatilishi shart.

Uning mazmuni quyidagi talablarni hisobga olgan holda boshqa tillarga tarjima qilinganda takrorlanishi mumkin:

  • reklamaning boshqa tildagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi ma’nosini buzmasligi kerak;
  • tashqi reklama obyektidagi reklama tarjimasi matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal tarzda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak;
  • tarjima matnining shrift o‘lchami davlat tilidagi reklama matni shriftidan kichik bo‘lishi kerak.

Shuningdek, teleradiokanallar va bosma ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan reklamaning tarjimasi kunlik umumiy reklama hajmining 20 foizidan oshmasligi belgilandi.

Reklamani davlat tilida joylashtirish va uning mazmunini tarjima qilish talabi quyidagi reklamalarga tatbiq etilmaydi:

  • faqat chet tillarida chop etiladigan bosma nashrlarda va boshqa nashriyot mahsulotlarida;
  • materiallarni faqat chet tillarida joylashtirgan axborot veb-saytlarida;
  • chet tillarida efirga uzatiladigan ommaviy axborot vositalaridagi boshqa materiallarning televideniye, radio, video va kinoxronika dasturlari ko‘rsatilishi vaqtida.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama muomalasi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlaydi, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi va uning talablari buzilganlik holatlari va boshqalarni aniqlaydi.

Qonunda reklamaga nisbatan umumiy va maxsus talablar ham belgilangan. Xususan, reklamada axborot mazmunining buzilishiga olib keladigan va chet el valyutasida narxlar (tariflar) ko‘rsatilgan xorijiy so‘z va iboralardan foydalanish taqiqlanadi.

Avvalroq, mazkur qonun bilan darsliklar va daftarlarda reklama bo‘lishi, milliy va oilaviy an’analarga zid obrazlardan, mashhurlar va tibbiyot xodimlari siymosidan foydalanish, tovar narxlarini valyutada ko‘rsatish taqiqlanayotgani haqida yozgandik. Qolaversa, reklamalarda yosh tasnifi ko‘rsatilishi ham belgilanmoqda.