7 iyun kuni soat 07:42 da Turkish Airlines aviakompaniyasi samolyoti Buxoro aeroportiga kelib qo‘ndi, deya xabar qildi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati. Shu munosabat bilan aeroportda tantanali tadbir tashkil etildi.

Aviakompaniya tomonidan Istanbul — Buxoro — Istanbul yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari bajariladi.

Hozirda O‘zbekiston va Turkiya shaharlari o‘rtasida amalga oshirilayotgan muntazam aviaqatnovlar soni 56 taga yetdi.

Xususan, Uzbekistan Airways hamda Turkish Airlines tomonidan paritet asosida Toshkent — Istanbul — Toshkent yo‘nalishida haftasiga 17 tadan, Urganch — Istanbul — Urganch yo‘nalishida haftasiga 2 tadan, Samarqand -Istanbul — Samarqand yo‘nalishida haftasiga 4 tadan, Farg‘ona — Istanbul -Farg‘ona yo‘nalishida haftasiga 3 tadan va Buxoro — Istanbul — Buxoro yo‘nalishida haftasiga 2 tadan muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15 maydan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Buxoro — Istanbul — Buxoro yangi xalqaro yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar qilgan edik.