9 oy davomida O‘zbekistonda uyali aloqa abonentlari soni 2,4 million nafarga ko‘paydi, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi.

1 aprel holatiga ko‘ra, mobil aloqa operatorlari xizmatlariga 29,91 million abonent ulangan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 11 foizga ko‘p — o‘shanda ularning soni deyarli 27 millionni tashkil etgan.

Oxirgi marta Statistika qo‘mitasi 2021 yil iyul oyi uchun foydalanuvchilar soni haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib, uni 27,5 million kishi deb baholagan edi. O‘shandan beri bu ko‘rsatkich 8,7 foizga oshgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1 aprel holati bo‘yicha O‘zbekiston aholisi 35,43 million kishini tashkil qilgan. Shunday qilib, har 100 kishiga 84,4 abonent to‘g‘ri keladi (shu jumladan korporativ obunachilar, ular haqida ma’lumot berilmagan).

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p uyali aloqa foydalanuvchilari poytaxtda ro‘yxatga olingan — 6,67 million kishi yoki umumiy abonentlarning 22,3 foizi (garchi poytaxt aholisining rasmiy soni 3 millionga yetmagan bo‘lsa ham). Keyingi o‘rinlarda 3,09 million abonent (10 foiz) bilan Farg‘ona va 2,84 million (9,5 foiz) abonent bilan Samarqand joylashgan.

Omdia tahlilchilari obunachilar soni bo‘yicha muqobil ma’lumotlarni taqdim etishgandi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda 19,2 million mobil aloqa foydalanuvchilari bo‘lgan.

Yil boshida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2021 yilda mobil internetdan foydalanuvchilar soni qariyb uchdan birga oshgani haqida xabar bergandi. Agar 2020 yil oxirida u 19 millionni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil o‘tib undan 25,3 million kishi foydalangan.