Mo‘g‘uliston charter reyslar orqali O‘zbekistonga go‘sht va boshqa mahsulotlarning eksportini oshirmoqchi. Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher To‘rayev va Mo‘g‘uliston TIV rahbari o‘rinbosari Batsumber Munxjin o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi, deya ma’lum qildi qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda Mo‘g‘uliston tomoni chorvachilik mamlakat agrar sektorining eng rivojlangan tarmog‘i ekanligini qayd etdi. Mamlakatda 70 millionga yaqin yirik va mayda qoramol borligi ta’kidlandi. Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekistonga go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishni taklif qilishdi.

Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari hozirda o‘zaro tovar yetkazib berish asosan quruqlikdagi transport orqali amalga oshirilayotganini ta’kidladi. U mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqni kengaytirish uchun charter reyslarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga yetkazib beriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro savdo va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilishdan manfaatdor korxonalar ro‘yxatini tuzishni maqsad qilishdi.

Bog‘dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki davlat ilmiy idoralari o‘rtasida hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Avvalroq, O‘zbekiston fuqarolari 30 kun muddatga Mo‘g‘ulistonda vizasiz bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi tartib joriy etilgani e’lon qilingan edi.