Joriy yilning to‘rt oyida O‘zbekistonning oziq-ovqat importi hajmi 48,9 foizga oshdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida.

Mazkur davrda 1,12 mlrd dollarga oziq-ovqat mahsulotlari import qilindi, bu o‘tgan yilning yanvar-aprel oylariga nisbatan 370,2 mln dollarga ko‘pdir.

Umumiy importning 74,7 foizi uchta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston birinchi o‘rinni saqlab qoldi va O‘zbekistonga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘z ulushini oshirdi — 430,3 mln dollarga (38,2%), Rossiya 282,6 mln dollar (25,1 foiz) bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Braziliya esa 127,7 mln dollarlik oziq-ovqat importi bilan uchinchi o‘rinda qoldi. Deyarli barcha import O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xom shakarqamish — 119,6 mln dollar.

Bundan tashqari, Braziliyadan go‘sht importi ham davom etmoqda — to‘rt oy davomida import hajmi 4,36 mln dollarni tashkil etdi (aprelda — 1,52 mln dollar).

Yanvar-aprel oylarida Qozog‘istondan bug‘doy importi — $192 mln dan $281,3 mln ga (+46,5 foiz), bug‘doy uni — $25,1 mln dan $37,5 mln ga (+49,7 foiz), o‘simlik yog‘i — $26,2 mln dan $29 mln ga (+10,7 foiz), margarin va margarin mahsulotlari — $1,3 ming dan $21,1 mln ga (16 baravar), go‘sht — $4,7 mln dan $17,8 mln ga (3,8 marta), arpa — $1,8 mln dan $7,8 mln ga (4,3 baravar) oshdi.

Rossiyadan oziq-ovqat yetkazib berish ham oshdi. Margarin va aralash yog‘lar importi 6 baravarga — 89,7 mln dollarga, kakao va shokolad — 29,3 mln dollarga yoki 34,1 foizga, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari — 7,8 mln dollarga (+53,5 foiz) o‘sdi.

Belorussiyadan go‘sht importi 2 baravarga oshib, 38,9 mln dollarga yetdi, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Pokistondan qariyb 5 barobar ko‘p kartoshka — 33 mln dollar, mandarin 2,7 barobar ko‘p — 5,6 mln dollarga import qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Ekvadordan 21,4 mln dollarga (2 barobar) banan, Turkiyadan 5 mln dollarga (+94,4 foiz) makkajo‘xori import qildi.

Bug‘doy hali ham umumiy oziq-ovqat importida salmoqli ulushni egallamoqda — 281,4 mln dollar (umumiy hajmning 25%). Xom shakarqamish importi 119,6 mln dollar (10,6 foiz), margarin va margarin mahsulotlari — 113,3 mln dollar (10,1 foiz), qoramol go‘shti — 66,5 mln dollar (5,9 foiz), kartoshka — 46,8 mln (4,2 foiz), kakao va shokolad — 39,4 mln dollarni (3,5%) tashkil etdi.

Dunyoda oziq-ovqat inqirozi bilan bog‘liq vaziyat

Jahon banki aprel oyi oxirida Ukrainadagi urush tovar bozorlariga qattiq zarba bergani, savdo, ishlab chiqarish va iste’molning global modellarini o‘zgartirgani, natijada narxlar 2024 yil oxirigacha tarixiy yuqori darajada saqlanib qolishi haqida xabar bergan edi.

Energiya narxlari 2023 va 2024 yillarda pasaygunga qadar 2022 yilda 50 foizdan ko‘proq o‘sishi kutilmoqda. 2022 yilda energetik bo‘lmagan tovarlar, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va metallar narxlarining qariyb 20 foizga oshishi prognoz qilinmoqda va keyingi yillarda sekinlashadi.

Bug‘doy narxi 40% dan ko‘proq o‘sishi prognoz qilinmoqda va bu yil nominal ko‘rsatkichlarda rekord darajada yuqori bo‘ldi. Bu, ayniqsa, Rossiya va Ukrainadan don importiga bog‘liq bo‘lgan rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga bosim o‘tkazadi. Metall narxi 2022 yilda 16 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda, keyin esa 2023 yilda pasayadi, lekin yuqoriligicha qoladi.

Joriy yil natijalariga ko‘ra, Jahon banki tahlilchilari oziq-ovqat narxlarining 22,9 foizga oshishini kutmoqdalar, ammo 2023 yilda ular 10,4 foizga tushishi mumkin. Eng muhim o‘sish o‘simlik moylari segmentida kutilmoqda — 29,7%. O‘g‘itlar narxining oshishi 69,2 foizga yetishi mumkin, bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxiga ta’sir qiladi.

O‘zbekiston qanday choralar ko‘rmoqda

Oziq-ovqat narxlarining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun prezident 2023 yil 1 yanvargacha 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, baliq, sut mahsulotlari, saryog‘, tuxum, banan, sitrus mevalar, kofe, o‘simlik yog‘i va boshqa mahsulotlar importiga bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtirdi. Xuddi shu davrda oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi.

Bundan tashqari, yil oxirigacha import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markalash vaqtincha to‘xtatiladi, import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining davlat xaridlarida ishtirok etishiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi.