Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha komissiyaga o‘lim jazosini tiklash va parlamentar respublikaga o‘tish kabi normalarni Bosh qonunga kiritish bo‘yicha takliflar kelib tushdi. Bu haqda 3 iyun kuni Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Mazkur takliflar yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov o‘zining munosabatini bildirib o‘tdi, deb xabar berdi «Bugun.uz» nashri.

«Takliflar orasida o‘lim jazosini tiklash haqidagisi ham bor. Buni O‘zbekiston 2005 yilda bekor qilishni boshlagan, avval 33 ta moddasi bor edi, 2008 yilga kelib batamom o‘lim jazosini bekor qildik. O‘zbekiston o‘lim jazosini nafaqat tinch vaqtdagi jinoyatlar, balki harbiy urush paytida ham bekor qilgan», — dedi u.

Shuningdek, komissiya yetakchisi mazkur modda chet elda har xil, hozir ham harbiy vaqtdagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini saqlab qolayotgan davlatlar ko‘pligini keltirgan. Xalqaro huquq, jumladan, 1949 yil Jeneva konvensiyalari o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat bergan.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Biz insonparvarlik nuqtai nazaridan bekor qilganmiz. Davlat o‘zi bermagan narsasini olib qo‘yishga haqqi yo‘q. Insonning tug‘ilishi — Allohning in’omi, ota-onasining harakati. Davlat unga umr bermaganmi, uni tortib olishi ham kerak emas. O‘ylaymanki, biz hozirgi yo‘limizdan qaytishimiz kerak emas. Mening fikrimcha, 24-moddaga kelganda „O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi“ degan jumlani qo‘shish kerak. O‘ylashimcha, o‘lim jazosini tiklash taklifini olish murakkab bo‘lsa kerak», — dedi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, kelib tushgan takfliflar orasida O‘zbekistonni parlamentar respublikaga aylantirish taklifi ham mavjud.

«Bilasiz, davlat boshqaruvining prezidentlik boshqaruvi (AQSh), parlamentar respublika (Germaniya) va yarim prezidentlik (Fransiya) kabi turlari bor. Parlamentar respublika bo‘lishi kerakligini aytishyapti, lekin qanday bo‘lishi kerakligi haqida aniq takliflari yo‘q», — dedi u.

U misol tariqasida Germaniya — parlamentar respublikaligi, prezidenti bor, lekin asosiy boshqaruv lavozimi — kansler ekanligini, qolaversa, Italiyada ham prezident lavozimi mavjudligi, biroq, asosiy lavozim — bosh vazir ekanligini keltirdi.

«Hozirgi kunda dunyoda davlat boshlig‘ining o‘zi parlament rolini kuchaytirgan davlat yo‘q. Ko‘p davlat boshliqlari parlamentni ushlab turadi, uning huquqi kamroq bo‘lishi tarafdori. Bizda esa so‘nggi 5 yilda anchayin kengaytirdik. Menimcha, parlament respublikaga o‘tish uchun hali bizga erta va kerak bo‘lmasa ham kerak», — deya ta’kidladi Akmal Saidov.

Konstitutsiyaviy komissiya tashkil topgan sana — 20 maydan 3 iyunga qadar 8500 dan ortiq taklif kelib tushgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 may kuni Konstitutsiyaviy komissiyaga 6 kun davomida 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78 va 80-moddalarga bog‘liq takliflar kelib tushgani haqida yozgandik. Komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev prezidentga nomzod bo‘yicha talablar va vakolatlar muddati belgilangan 90-modda yuzasidan taklif yuborilgan yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.