AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) payshanba kuni Jizzax viloyati tibbiyot muassasalariga tuberkulyoz kasalligi bilan kurashishga ko‘maklashish maqsadida tibbiyot asbob-uskunalarini topshirdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy qiymati qariyb 75 ming dollarga teng bo‘lgan elektron termometrlar, stetoskoplar hamda pulsoksimetrlar, viloyat tibbiyot muassasalariga o‘z vaqtida va samarali yordam ko‘rsatish, surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlarga tezda tashxis qo‘yish va davolash imkonini beradi.

USAIDning O‘zbekistondagi Sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bo‘yicha
vakolatxonasi rahbari Cherry Gumapas (chapdan uchinchi).

Tibbiy asbob-uskunalar AQShning Welch Allyn ishlab chiqaruvchi kompaniyasi tomonidan USAIDning Markaziy Osiyoda tuberkulyozni tugatish loyihasi doirasida hadya qilingan. U Jizzax viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi, viloyatdagi tuberkulyoz dispanserlari, kasalxona va poliklinikalariga tarqatiladi.

O‘zbekistonda tuberkulyoz va u bilan bog‘liq o‘lim holatlarini kamaytirish borasidagi katta muvaffaqiyatlarga qaramay, kasallikning dorilarga chidamli shakllari hali-hamon jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

USAID — tuberkulyozga qarshi kurashda O‘zbekistonning eng yirik hamkorlaridan biridir. O‘tgan yilning oktabr oyida mazkur agentlik tomonidan Farg‘ona viloyatidagi tibbiyot muassasalariga qariyb 150 ming dollarlik, shu yilning fevral oyida esa Sirdaryo viloyatidagi 12 ta tibbiyot muassasasiga jihozlar topshirilgan edi.

Shuningdek, USAID o‘tgan yilda tuberkulyoz kasalligining tezlashtirilgan diagnostikasi uchun O‘zbekistonga o‘nlab GeneXpert diagnostika moslamalarini ham topshirgan edi.