Prezidentning «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab o‘simlik yog‘i, shu jumladan paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish vaqtincha taqiqlandi.

Ushbu mahsulotlarni eksport qilish uchun 2022 yil 1 iyunga qadar shartnomalar imzolanib, oldindan to‘lovlar amalga oshirilgan holatlar bo‘lsa, shuningdek, O‘zbekiston «bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimida qayta ishlangan mahsulotlar bo‘lsa, ularning eksporti taqiqqa uchramaydi.

Farmonga ko‘ra, kungaboqar urug‘lari hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini qonunchilikda belgilangan holatlarda eksport qilish imkoni mavjud.

O‘z navbatida, ushbu mahsulotlar eksporti Vazirlar Mahkamasi tomonidan ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda qayta tiklanishi mumkin.

Shuningdek, farmon bilan 2023 yil 1 yanvarga qadar:

  • Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 yanvardagi «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tug‘risida»gi 41-son qarorida nazarda tutilgan davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari doirasida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha bekor qilinadi;
  • O‘zbekistonga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi vaqtincha to‘xtatiladi.

Avvalroq xabar berganimizdek, tegishli ravishda 2023 yilgacha 22 ta turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bojxona bojlaridan ozod etilmoqda. Shuningdek, oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi.

Avvalroq, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi muddati 2022 yil oxirigacha uzaytirilgandi. Shuningdek, Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar 2031 yilgacha ayrim soliqlarni 1 foizda to‘laydi.