Dushanba kuni kechqurun Bryusseldagi sammitda bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida Yevropa Ittifoqi davlatlari va hukumatlari yetakchilari Rossiya neftining uchdan ikki qismiga embargo qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishishdi, deb xabar berdi Euronews.

Taqiq faqat dengiz orqali yuk tashishga ta’sir qiladi, quvur orqali import davom etadi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi, shuningdek, Sberbankni SWIFT tizimidan uzib qo‘yish va yana uchta Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarining YeIda translyatsiyasini taqiqlashni o‘z ichiga oladi, telekanallar nomi hozircha aniqlashtirilmadi. Avvalroq, Russia Today va Sputnik kanallariga nisbatan sanksiyalar joriy qilingandi.

YeI Kengashi prezidenti Sharl Mishel o‘zining Twitter`dagi sahifasida kelishuv haqida e’lon qildi va bu «rus harbiy mashinasini moliyalashtirishning katta manbasini qisqartirishini» ta’kidladi.

«Ushbu ko‘rilgan chora Yevropa miqyosida import qilinadigan Rossiya neftining 75 foiziga, yil oxiriga kelib esa deyarli 90 foizga ta’sir qilishini anglatadi», — deb yozadi u.

To‘liq embargoga Vengriya bosh vaziri Viktor Orban qarshilik ko‘rsatdi, chunki Vengriya dengizga chiqa olmaydi va neftning 60 foizidan ortig‘ini Rossiyadan «Drujba» quvuri orqali sotib oladi.

Bundan tashqari, sammitning birinchi kunida Yevropa Ittifoqi va uning «Katta yettilik» bo‘yicha hamkorlari Ukrainaga grantlar va imtiyozli kreditlar shaklida 9 mlrd yevro moliyaviy yordam berishga qaror qilishdi.