2022 yildan boshlab 6 ta oliy ta’lim muassasasiga kirishda chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazilishi belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida aks ettirilgan.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadigan OTMlar:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga.

Kirish imtihonlarida chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.

DTM ijodiy imtihon formatini (barcha tillar uchun) va test namunalarini (ingliz tilidan) e’lon qildi:

Unga ko‘ra, imtihon 2 soat 45 daqiqa davom etadi va quyidagi bo‘limlardan iborat:

  • 1-bo‘lim: Tinglab tushunish (45 daqiqa / 5 qism / 30 savol)
  • 2-bo‘lim: O‘qish (60 daqiqa / 5 qism / 30 savol)
  • 3-bo‘lim: Yozish (45 daqiqa / 2 topshiriq / 30 ball)
  • 4-bo‘lim: Gapirish (15 daqiqa / 3 qism / 30 ball)

1-bo‘lim: Tinglab tushunish

Tinglab tushunish bo‘limida har bir matn ikki martadan eshittiriladi va matn eshittirilishidan oldin matnga oid savollar bilan tanishib chiqish uchun 30 soniya vaqt beriladi.

1-qism (5 savol)

Matn turi: davomiyligi 2−3 daqiqali ommabop tanish mavzularda dialog.

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: muayyan detallarni tushunish.

Savollar turi: moslashtirish (6 ta javob variant, bittasi ortiqcha).

2-qism (6 savol)

Matn turi: davomiyligi 2−3 daqiqali ommabop tanish mavzularda dialog.

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: muayyan ma’lumotlar olish uchun tushunish va ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlay olish.

Savollar turi: to‘g‘ri / noto‘g‘ri.

3-qism (5 savol)

Matn turi: ommabop tanish mavzularda 5 ta qisqa monologlar, har bir monolog uchun ajratiladigan vaqt davomiyligi — 30 soniya.

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: nutqning umumiy mazmunini tushunish.

Savollar turi: moslashtirish (8 ta javob variant, uchtasi ortiqcha).

4-qism (8 savol)

Matn turi: ommabop tanish mavzularda 8 ta qisqa dialoglar, har bir dialogning davomiyligi 30 soniya.

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: muayyan ma’lumotlar olish uchun tushunish.

Savollar turi: muqobil javobli test topshiriqlari (savol va 3 ta javob varianti).

5-qism (6 savol)

Matn turi: davomiyligi 3 daqiqali monolog-prezentatsiya yoki intervyu.

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: muayyan ma’lumotlar olish uchun tushunish.

Savollar turi: muqobil javobli test topshiriqlari (savol va 3 ta javob varianti).

2-bo‘lim: O‘qish

1-qism (6 savol)

Matn turi: qisqa hikoya (matn hajmi — 100 so‘z).

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: gaplar o‘rtasidagi mazmuniy bog‘lanishlarni tushunish va yaxlit matn shaklida tasavvur qilish.

Savollar turi: ketma-ketlikni aniqlash (6 ta javob varianti).

2-qism (7 savol)

Matn turi: ommabop materiallar — gazeta, jurnal, internet maqolalari (matn hajmi — 200 so‘z).

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: gap darajasida batafsil tushunish.

Savollar turi: moslashtirish (10 ta javob variant, uchtasi ortiqcha).

3-qism (5 savol)

Matn turi: ommabop materiallar — gazeta, jurnal, internet maqolalari (matn hajmi — 300 so‘z).

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: ommabop matnlarning asosiy fikr va detallarni tushunish.

Savollar turi: muqobil javobli test topshiriqlari (savol va 4 ta javob varianti).

4-qism (6 savol)

Matn turi: ommabop materiallar — gazeta, jurnal, internet maqolalari (matn hajmi — 300 so‘z).

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: matndagi aniq detallarni va ochiq aytilmagan ma’lumotlarni tushunish.

Savollar turi: to‘g‘ri / noto‘g‘ri / berilmagan.

5-qism (6 savol)

Matn turi: ommabop materiallar — gazeta, jurnal, internet maqolalari (matn hajmi — 300 so‘z).

Tekshiriladigan ko‘nikmalar: matndagi asosiy fikrlarni tushunish.

Savollar turi: moslashtirish (8 ta javob variant, ikkitasi ortiqcha).

3-bo‘lim: Yozish

Yozma nutq bo‘limining maqsadi nomzodning fikrini chet tilida yozma ravishda to‘g‘ri va ravon ifodalay olish qobiliyatini tekshirishdir.

1-topshiriq — shaxsiy yozishmalar. Nomzod berilgan mavzu va tayanch savollar asosida xat yozishi lozim (60−80 so‘z / 10 ball).

2-topshiriq — qisqa maqola yozish (120−140 so‘z / 20 ball). Nomzod tayanch savollar asosida berilgan mavzuda qisqa maqola yozishi kerak.

4-bo‘lim: Gapirish

Og‘zaki nutq bo‘limining maqsadi nomzodning fikrini chet tilida og‘zaki tarzda to‘g‘ri va ravon ifodalay olish qobiliyatini tekshirishdir.

1-qism (1−5 savollar):

Shaxsiy qiziqishlarga oid yoki tanish, kundalik mavzularda tayyorgarliksiz suhbat; ommabop masalalar boyicha ma’lumot bera olish va fikrni bildirish. Bunda suhbat tarzida talabgorga kundalik mavzularda, shaxsiy hayotiga oid savollar beriladi va talabgor berilgan savollarga tayyorgarliksiz javob bera olishi lozim. Ajratilgan vaqt — 5 daqiqa.

2-qism (6-savol):

Talabgordan berilgan rasmni tasvirlab berish talab qilinadi. Talabgorga tayyorgarlik uchun 1 daqiqa vaqt beriladi.

3-qism (7 savol):

Talabgorga berilgan muammoli vaziyat asosida 2 daqiqali monolog tuzishi talab qilinadi. Talabgor nutqi davomida muammoga o‘z yondashuvi (muammoga yechim)ni ifodalashi kerak.

Savollar nomzodning shaxsiy hayotiga oid mavzulardan olinishi kerak. Abituriyentga 1 daqiqa beriladi.