O‘zbekiston paxtasini boykot qilgan Adidas`dan tortib Zara kompaniyasigacha bo‘lgan xalqaro brendlar tez orada uni sotib olishni tiklashi mumkin. Bu haqda National Interest maqolasida aytilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston paxtachilikni tubdan isloh qildi va unda majburiy mehnatga chek qo‘yilishiga erishdi, deyiladi maqolada. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar e’tibordan chetda qolmadi — mart oyida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi paxta boykotini to‘xtatishga chaqirdi.

Endi O‘zbekiston paxta bozorini avval tark etgan 331 xalqaro kompaniya unga qaytishi mumkin. Gap Adidas, Gap, H&M, IKEA, Marks & Spencer, Tesco, Zara va boshqa brendlar haqida bormoqda.

Boykot paytida mamlakat chuqurroq qayta ishlash foydasiga paxta xomashyosini eksport qilishdan voz kechdi. Endilikda mahalliy klasterlar kalava va gazlama ishlab chiqarish uchun xomashyoni fermerlardan xarid qilmoqda. Klasterlar O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni va modernizatsiyani olib kirmoqda, deyiladi National Interest maqolasida.

«Cotton Campaign qarori o‘z vaqtida qabul qilindi», deyiladi maqolada. Endi paxta global eksportining 10 foizini tashkil etuvchi O‘zbekiston jahon to‘qimachilik bozoriga qaytishi va rossiyalik xaridorlarga muqobil savdo bozorlarini topishi mumkin bo‘ladi.

Rossiya haligacha O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib, u o‘zbek paxtasining eng yirik importchisi sifatida yiliga 158 million kub metrdan ortiq paxta tolasini sotib oladi. Ammo moliyaviy sanksiyalar, inflyatsiyaning o‘sishi va iste’mol bozorining qisqarishi fonida Rossiyaning O‘zbekiston bilan savdosi ham o‘zgarishi mumkin.

«Vashington Rossiyadan uzoqlashish jarayonini qo‘llab-quvvatlash va tezlashtirish siyosatini qabul qilishni ko‘rib chiqishi kerak», — deya tavsiya beriladi maqolada.

Xususan, O‘zbekistondan to‘qimachilik va boshqa tovarlarni Umumiy imtiyozlar tizimiga (GSP) kiritish taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari O‘zbekiston bilan bojsiz savdo to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolagan edi.