Navoiyda pul evaziga fuqaroni ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro D.M. boshqa bir fuqaro A.ni tanishlari yordamida «Auminzo-Amantay» konidagi 5-gidrometallurgiya zavodiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari so‘ragan.

Bosh prokuratura Departamenti Uchquduq tuman bo‘limi, DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida D.M. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.