Samarqand viloyatida 2000 tup marixuana yetishtirgan fuqaro aniqlandi, deya xabar berdi Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB bilan Pastdarg‘om tumanining Juma shahrida joylashgan sement saqlash uchun mo‘ljallangan omborxonada taxminan 3−4 sotix yer maydonida yashirin ravishda 2000 tup marixuana giyohvandlik o‘simligi yetishtirilayotgani haqidagi murojaatga asoslanib tezkor tadbir o‘tkazgan.

Unda ushbu omborxonada haqiqatda marixuana ekilganligi, giyohvandlik o‘simligini 46 yoshli fuqaro ekkanligi va ularni 38 hamda 30 yoshli erkaklar parvarishlab kelayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu ikki nafar erkak tezkor tadbir o‘tkazilishidan xabar topgach, omborxonaga o‘t qo‘yib yuborishgan. Yong‘in o‘chirilgan, lekin 2000 tup marixuanadan 1400 ga yaqini yonib ketgan. Tadbir jarayonida esa 610 tup marixuana giyohvandlik o‘simligi tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirda uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ular protsessual tartibda qo‘lga olingan.