18 may kuni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SAP kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

SAP (System Analysis Program Development) — 1972 yilda Germaniyada tashkil etilgan, u tashkilotlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Uning shtab kvartirasi Valdorfda joylashgan va 105 ming ko‘proq xodimga ega. 2018 yilda daromadi 25,70 mlrd yevroga teng bo‘lgan.

Toshkentda o‘tgan uchrashuvda tomonlar istiqbolli yo‘nalishlarda, jumladan, ta’lim va IT-tadbirkorlik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik olib borish masalalari muhokama qilindi.


Yig‘ilishda nemis kompaniyasi vakillariga bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani haqida ma’lumot berildi. Xususan, IT Park rezidenti bo‘lgan xorijiy IT-kompaniyalarga infratuzilma va soliq imtiyozlari taqdim etilishi, xorijiy IT-mutaxassislar va ularning oila a’zolari uchun vizalar olishning soddalashtirilgan «IT-visa» tizimi joriy etilgani aytildi.

Muzokaralar davomida AKT vazirligi tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida kompaniyaga O‘zbekistonda mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha takliflar berildi, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda shuningdek, kompaniya ishtirokida kadrlar malakasini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, yangi telekommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.

AKT sohasida hamkorlik qilish va kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar almashildi.