Prezident 18 may kuni «Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yilda sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlari klaster usulida amalga oshiriladi. Belgilanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2022 yilda jami 2606 km uzunlikda sement-beton qoplamali ichki yo‘llar qurish nazarda tutilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, manzilli ro‘yxatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sektorlar rahbarlarining joylarda jamoatchilik fikri va talabini inobatga olgan holda bildirgan takliflari asosida shakllantiriladi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Qayd etilishicha, loyiha tashkilotlarini jalb etish, mas’ul tashkilotlar bilan texnik shartlarni kelishish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ularni davlat ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil etish ishlari buyurtmachi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda shakllantirilgan narxlar «Shaffof qurilish» elektron platformasi orqali davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi. Klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish ishlarini amalga oshiruvchi bosh pudratchi tashkilot eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali aniqlanadi, deyiladi qarorda.

Avvalroq prezident tomonidan joriy yilda viloyatlarda jami 2300 km, poytaxtda 250 km sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etilishi ma’lum qilingan edi. Shu jumladan, Andijonda 270 kilometr, Farg‘onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi qo‘yildi.

2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 mln tonnaga ko‘payadi. Ya’ni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 mln tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanishi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, Bosh prokuraturaga yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

O‘z navbatida, 1 maydan boshlab yil yakuniga qadar import qilinayotgan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi belgilanib, mazkur ishlarga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.