May oyining ikkinchi haftasida O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshidagi Milliy preventiv mexanizmlar bo‘yicha ishchi guruhi Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalariga tashrif buyurdi. Guruh tarkibida Ombudsman vakillari, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati hamda «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi vakillaridan iborat bo‘ldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga «Ezgulik» jamiyati xabar berdi.

«Ezgulik» jamiyati raisi o‘rinbosari Bekzod Nurmatovning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi koloniya 2200 kishiga mo‘ljallangan, ayni paytda esa 1123 nafar mahbus bor, ularning 62 nafari diniy ekstremistik oqimlarga mansub.

Ma’lum qilinishicha, mazkur koloniyada xalq artisti, hozirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda taniqli jurnalist Xayrulla Hamidov ham o‘z jazosini o‘tab chiqqan.

Fozilxodja Arifxodjayev. Foto: «Ezgulik».

Mazkur koloniyada yanvar oyida 7,5 yilga qamalgan Fozilxodja Arifxodjayev ham saqlanmoqda.

«Qamoqxona sharoitidan shikoyatim yo‘q. Plastik omborida usta bo‘lib ishlayapman. Ammo sud hukmidan noroziman va men qamalishim kerak emas edi» — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda huquq himoyachisi.

Koloniya ma’muriyatiga ko‘ra, bu yerga diniy ulamo, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Muxtor Aliy kelib ma’ruzalar qilib turadi.

Qiziltepa koloniyasi hozirda xalq orasida «Ahmadboy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmadjon Tursunboyev ham o‘z jazosini o‘tamoqda. Hozirda u Toshkentda «Sangorod» deb nomlanuvchi jazoni ijro etish boshqarmasining UYA 64/18-sonli respublika shifoxonasida sog‘ligini tiklamoqda.

Otabek Sattoriy va Bekzod Nurmatov. Foto: «Ezgulik».

Navoiydagi 4-sonli umumiy tartibli koloniya esa 1800 mahkumga mo‘ljallangan. Ushbu koloniyada blogger Otabek Sattoriy jazo muddatini o‘tamoqda. «U qurilish mollariga naqsh bosuvchi omborda operator bo‘lib ishlayapti. „Ezgulik“ faoli bilan uchrashuvda o‘zining nohaq qamalgani, sudlarning adolatsizligini ta’kidlagan blogger oilada yolg‘iz boquvchi ekanini, ozodlikka chiqish uchun kurashayotgani va faqat prezident Mirziyoyevga ishonishini ta’kidladi», — dedi huquq himoyachisi

Ishchi shuruh shuningdek, Zarafshondagi 2200 kishiga mo‘ljallangan koloniyada ham bo‘ldi. Hozirda bu yerda 684 nafar mahkum jazo muddatlarini o‘tamoqda. Ularning 27 tasi diniy radikal oqimlarga mansublikda ayblangan. Mazkur shahardagi 36-sonli manzil koloniya esa 450 kishini sig‘dira oladi, u yerda 272 nafar mahkum bor.

Monitoring natijalariga ko‘ra, qamoxonalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularning osh-ovqati sifatini yaxshilishga urinilmoqda.

«Shikoyatlarning asosiy qismi sud hukmlarining adolatsizligidan. Eng yomon ko‘rsatkich — mahkumlarning katta qismini yoshlarning tashkil qilishidir», — deyiladi xabarda.

«Ezgulik» ma’lumotiga ko‘ra, hozircha qiynoq va noinsoniy muomala turlari bo‘yicha shikoyat yo‘q.

«Ammo ayrim mahkumlar bunday holatlarni Buxorodagi koloniyalarda, Qarshidagi jazoni ijro etish muassasalarida eshitilayotgani haqida gapirishgan. Ko‘ramiz, u tomonlarga ham safar rejalashtirish niyatimiz bor», — deydi guruh a’zolari.

Eslatib o‘tamiz, yanvarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi diniy bloger Fozilxodja Arifxodjayevni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda aybli deb topib, uni 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U o‘tgan yili diniy bloger Abror Muxtor Aliy bilan bo‘lgan mojarodan so‘ng hibsga olingandi.

«Gazeta.uz» sud Otabek Sattoriyni tuhmat va tovlamachilikda aybdor deb topib, 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgani, shuningdek, blogger va «Termiz Eko Ekspress» MCHJ rahbari o‘rtasida tuzilgan ikkita kvartirani sotish bo‘yicha shartnomalarni haqiqiy emas deb topgani haqida yozgan edi.