Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida Xitoy kreditlarining xatarlari haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Diplomat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi qarzlarsiz Toshkentda yangi metro liniyalarini qurish yoki tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish mumkin emasligi to‘g‘risidagi so‘zlariga to‘xtaldi.

«Shavkat Mirziyoyev odamlar metro xizmatidan foydalanayotgani, o‘z uyida yashayotganini aytdi. Bu, xususan, tashqi qarz bilan ham bog‘liq. Hozirda tashqi qarz, O‘zbekiston tomoni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, YAIMning 38 foizini tashkil etadi. Xalqaro standartga ko‘ra, [bu] xavfsiz chegarada», — dedi u.

Elchining ta’kidlashicha, hozir O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki hisoblanadi, Xitoy emas.

«Aslida Xitoy imtiyozli kreditlar taqdim etamoqda. Bu yerda asosiy kreditorlar — Eksimbank [XXR] va Xitoy taraqqiyot banki hisoblanadi. Siz keltirgan misollar, G‘arb banklari yoki xalqaro moliya institutlari qarz bersa — pishloq, Xitoy qarz yoki kredit bersa — tuzoq. Odamlar ba’zida farqiga borishmaydi», — dedi u.

Szyan Yanning so‘zlariga ko‘ra, «Bir kamar — bir yo‘l» loyihasida ishtirok etayotgan davlatlar qarz borasida Xitoydan shikoyat qilayotganlari yo‘q.

«Birorta ham davlat bizga qarz tuzog‘iga tushib qolgani haqida shikoyat qilgani yo‘q. Shuning uchun masalaga real qarashimiz kerak. Biz yordam beramiz. Uning ustiga bu birgalikda mustahkamlash, birgalikda qurish, birgalikda foydalanish tamoyiliga asoslanadi. Bu bizning loyihamiz monopoliyasi bo‘lishini xohlamaymiz. Biz bunga hech qachon siyosiy shartlarni qo‘shmaymiz. Bizda siyosiy shartlar yo‘q», — deya ta’kidladi Szyan Yan.

Xitoy diplomatik missiyasi rahbari kelishuvlarga «bozor kon’yunkturasi va ma’lum qoidalarga muvofiq» rioya qilinishi kerakligini ta’kidladi.

«Bu qoidalarga Xitoy tomoni ham, boshqa davlatlar ham rioya qilishi kerak. Kelishuv ruhi saqlanishi kerak», — dedi u va «qarz o‘pqoni» haqidagi xabarlar «asossiz» ekanini ta’kidladi.

Global kreditor

Kuzda Forbes Amerikaning AidData tadqiqot laboratoriyasiga tayanib, so‘nggi 20 yil ichida rivojlanayotgan mamlakatlarning Xitoy oldidagi qarzlari hajmi 385 lrd dollarga yetganini xabar qildi.

«Bir kamar — bir yo‘l» loyihasini amalga oshirish davrida Xitoy Afrika va Markaziy Osiyoning 163 ta davlatida yo‘llar, ko‘priklar, portlar va shifoxonalar qurilishiga 843 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritdi va bu mablag‘ning deyarli 70 foizi davlat banklari va davlatlarning qo‘shma korxonalariga kredit shaklida berilgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘tgan yilning bahorida davlat qarzini o‘z vaqtida to‘lamasa, ayrim infratuzilma obyektlari Xitoy nazoratiga o‘tishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

OAV Tojikistonda Xitoyning TVEA kompaniyasi 2016 yilda Xitoy Eksimbankidan olingan va «Dushanbe-2» IES qurilishiga sarflangan 331,5 mln dollar qoplanguncha «Sharqiy Duoba» va «Yuqori Kumarg» konlaridan oltin qazib olish huquqiga ega bo‘lgani haqda xabar tarqatgan edi.

O‘zbekiston davlat qarzi

O‘zbekistonning davlat qarzi 2021 yilda 2,9 mlrd dollarga oshib, 26,3 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘sha paytda yalpi ichki mahsulotning 38 foizini tashkil qilgan. 60 foizgacha bo‘lgan darajalar xavfsiz deb hisoblanadi.

O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Osiyo taraqqiyot banki (5,2 mlrd dollar) va Jahon banki (4,3 lrd dollar) bo‘lib, ular umumiy davlat qarzining 36,1 foizini tashkil qiladi. Ulardan keyingi o‘rinlarda Xitoy Davlat taraqqiyot banki (2,2 mlrd dollar) va Xitoy Eksimbanki (2 mlrd) yoki qarzlar tarkibida 16,7 foiz.

O‘zbekiston Moliya vazirligi davlat tashqi qarzi manbalari yetarli darajada diversifikatsiyalanganini qayd etdi. Ushbu qarzning qariyb 42,6 foizi (o‘tgan yil boshidagi 44 foizga ko‘p) yoki 10,1 lrd dollari xorijiy davlat moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Umumiy tashqi qarzga hukumat va davlat tomonidan kafolatlangan (davlat) hamda kafolatlanmagan (xususiy) tashqi qarzlar kiradi. Shu bilan birga, shuni ta’kidlash kerakki, davlat ulushiga ega bo‘lgan kompaniya va banklar asosan xususiy segmentda (davlat bank sektori ulushining 80% dan ortig‘iga egalik qiladi, shuningdek Uzauto Motors va «O‘zbekneftgaz», O‘zmilliybank, «O‘zsanoatqurilishbank», «Ipoteka-bank» umumiy qiymati 1,92 mlrd dollarlik qarzdorlik qimmatli qog‘ozlarini joylashtirgan).