Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahar hokimligi va yana 7 ta hudud hokimiyatlarini ochiq ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, xususan, mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida har chorakda jamoatchilikka e’lon qilish yuzasidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 16 iyundagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlashga oid prezident farmoni talabining bajarilishi budjet mablag‘larini isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiya xavfini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hujjatda har chorakda hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida chorak yakunlari bo‘yicha shakllantirilgan mahalliy budjetlarning daromadlari va xarajatlari smetalari, ortig‘i bilan bajarilgan reja mablag‘larining bir qismi va ushbu mablag‘larni yo‘naltirish maqsadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan monitoringda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Namangan, Xorazm viloyati hokimliklari belgilangan talablarga qisman rioya qilgani ma’lum bo‘ldi. Andijon viloyat hokimligi rasmiy veb-saytida bunday ma’lumotlar so‘nggi bor 2021 yil 1-choragi holatiga joylashtirilgan. Toshkent shahar hokimligi esa farmonda talablariga zid ravishda ma’lmuotlarni umuman ochiqlanmagan.

Farmon talablari to‘liq ijro etilishi ta’minlangan Toshkent viloyati hokimligida 2022 yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hamda shu yilning 1-choragi davomida mahalliy budjet daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratilgan mablag‘lar jami 231,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ular viloyat hokimining farmoyishiga asosan quyidagicha taqsimlangan:

  • hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari uchun 82,3 mlrd so‘m;
  • markazlashgan jamg‘armalarga 31,9 mlrd so‘m;
  • «Fuqarolar tashabbusi» (openbudget) 27,3 mlrd so‘m;
  • obod qishloq va obod mahalla dasturi doirasida 16,9 mlrd so‘m;
  • budjet tashkilotlarining moddiy bazasini mustaxkamlash va ho‘jalik xarajatlari uchun 16,0 mlrd so‘m;
  • obodonlashtirish xarajatlariga 9,3 mlrd so‘m;
  • madaniy-sport tadbirlar, festivallar, umumxalq va milliy bayramlari uchun 5,4 mlrd so‘m;
  • boshqa harajatlar uchun 11,8 mlrd so‘m.

Shuningdek, Jizzax viloyatida ham joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida maxalliy budjetda jami 91,0 mlrd so‘m miqdorida erkin qoldiq mablag‘lari shakllangan bo‘lib, quyidagi maqsadlar uchun yo‘naltirilgan:

  • hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va ijtimoiy soha muassasalarini qurish, ta’mirlash va jihozlash ishlari uchun 11,5 mlrd so‘m;
  • harbiy ma’muriy sektorga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun 8,5 mlrd so‘m;
  • «Fuqarolar tashabbusi» jamg‘armasiga 5,7 mlrd so‘m;
  • «Yoshlar daftari» jamg‘armasiga 2,8 mlrd so‘m;
  • umumxalq bayramlari, sport va madaniy tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq harajatlar uchun 2,4 mlrd so‘m;
  • «Ayollar daftari» jamg‘armasiga 1,9 mlrd so‘m;
  • «Sahovat va ko‘mak» jamg‘armasiga 1,9 mlrd so‘m;
  • «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari uchun 1,0 mlrd so‘m.

Agentlik tomonidan monitoring natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni barataraf etish hamda kelgusida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini nazoratga olish bo‘yicha 8 ta mahalliy hokimlikka ogohlantirish yuborildi. Bundan tashqari, prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli ma’lumot kiritildi.