Prezident seshanba kuni tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari yil yakuniga qadar birjalarga o‘z mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish zarurligini ta’kidladi. Hozirda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalarining bor-yo‘g‘i 7 foizi birjaga o‘z mahsulotini chiqarayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, Jomboy tumanidagi g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona o‘z mahsulotini birjaga olib chiqishi natijasida 21 mlrd so‘mlik daromad olgan. Uychi tumanidagi beton qorishmasi ishlab chiqaruvchi korxona esa 10 mlrd so‘mlik mahsulotini birja orqali sotgan. Prezident hokimlar tomonidan bu tajriba joylarda yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi.

«Hududlarning birja savdolaridagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha hokimlarning ish rejasi bilan tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, hali aksariyat hokimlar masalani ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor», — dedi davlat rahbari.

Shu bois hokimlarga o‘z hududidagi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish, aniq turdagi va miqdordagi mahsulotlarni birjaga olib chiqish bo‘yicha oyma-oy rejalarini tasdiqlash topshirildi. 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. Ushbu tumanlarda joriy yilda umumiy qiymati 1,6 mlrd dollarlik 150 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda birja savdo aylanmasi 2 baravarga o‘sib, 90 trln so‘mga yetdi, sotiladigan tovarlar soni 3 baravarga ko‘paydi (200 tadan 627 taga yetdi). Xorijiy davlatlarda birjaning 20 ta savdo maydonchasi tashkil etilib, joriy yilning 4 oyida 170 mln dollarlik mahsulot sotildi. Shuningdek, o‘tgan yili 1 ming 274 ta xorijiy kompaniya O‘zbekiston birjasiga katta hajmlarda mahsulot qo‘yishni boshladi.

«Mana natija. Lekin bu imkoniyatlarimizning o‘ndan biri ham emas», — dedi prezident. Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi elchilar va savdo maslahatchilari bilan birga mineral o‘g‘it, neft mahsulotlari, ko‘mir, yog‘och kabi mahsulotlar bo‘yicha birja savdolarini boshlash uchun kamida 100 ta xorijiy yirik ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalarini jalb qilish topshirildi.

Yil yakuniga qadar eksport-import mahsulotlarining birja savdolari hajmini 500 mln dollarga olib chiqish vazifasi qo‘yildi. 1 iyuldan boshlab eksport uchun 10 ming tonna mis, 50 ming tonna qora metallar, 15 ming tonna oltin-gugurt, 1 mln kvadrat metr qurilish oynasi birjaga qo‘yiladi, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, joriy yil 1 iyuldan boshlab birja savdolari orqali eksport-import qilishda:

  • xorijiy yetkazib beruvchilarga elektron raqamli imzoni majburiy olish tartibi bekor qilinadi;
  • xorijiy kompaniyalar uchun oldindan to‘lov va birja xizmatlari to‘lovi bekor qilinadi;
  • tadbirkorlarga to‘lovlarni kafolatlash bank akkreditivi singari birja kliring tizimi orqali ham ta’minlanadi.

Davlat rahbari tomonidan yil yakuniga qadar birjadagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish uchun barcha zaxiralarni ishga solish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, suyuq mineral o‘g‘itlar, neft koksi, nafta, kaustik soda, suyuq uglerod oksidi va texnik kislorod, metall prokat list va po‘lat sharlar, barda kabi mahsulotlarni birja orqali sotishni boshlashga ko‘rsatma berildi, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ayrim turdagi yuqori likvidli tovarlar birjaga qo‘yilmagani oqibatida ularning narxlarida o‘sish kuzatilayotgani ta’kidlangan. O‘tgan yilgi paxta hosilidan qariyb 1,5 mln tonna texnik chigit olingan bo‘lsada, shundan birjaga 939 ming tonnasi yoki 56 foizi chiqarilgan. Yoki, birjadan chigit olgan 119 ta yog‘-moy korxonalaridan 20 tasi paxta yog‘ini birja savdolariga umuman qo‘ymagan.

Shu bois yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilgani ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi. Bunda birjaga qo‘yish majburiy bo‘lgan tovarlarni, ayniqsa texnik chigit va paxta yog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotgan korxonalarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladi. Unga ko‘ra:

  • 1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotish yo‘lga qo‘yiladi;
  • eng yaxshi sotilgan tovarlar keyinchalik birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi;
  • tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishi bilan bir vaqtda birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi;
  • mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja to‘lovlari 2 baravarga qisqartiriladi;
  • soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotilgan yoki xarid qilingan tovarlari bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazilmaydi.

«Birja samarali ishlamasa, bozor munosabatlari ham bo‘lmaydi. Birja savdolari erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlarga yangi bozorlarni ochadi, „yashirin iqtisodiyot“ va korrupsiyani keskin kamaytiradi», — dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, birjaga o‘z mahsulotlarini qo‘ygan yirik korxonalar ochiq-oshkora savdolar hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 8 trln so‘m qo‘shimcha daromad qilgan. «Ilgari turli sxemalar orqali korrupsiya bo‘lib, daromadlar ayrim „o‘rtakashlar“ cho‘ntagida qolar edi», — dedi prezident.

Misol sifatida bir yil avval benzinda davlat taqsimoti bekor qilinib, erkin birja savdosiga qo‘yilgani hisobiga bugungi kunda eng chekka «zapravkalar»da ham sifatli benzin borligi ko‘rsatildi. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga budjetga 1 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushgan.

«Eng muhimi, bu sohalardagi defitsit, korrupsiya, tanish-bilishchilik yo‘q bo‘ldi», — dedi davlat rahbari. Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjudligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, Zangiota 37 turdagi, Karmana 24 turdagi, Dang‘ara va Jomboy 17 turdagi mahsulotlarni birjaga chiqargan bo‘lsa, Andijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot birjaga qo‘yilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. «Misol uchun, 1 iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna g‘allani birja orqali sotishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fermerlar uchun 2 trln so‘m qo‘shimcha daromad degani. Lekin tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, ya’ni ishni qanday tashkil etishi bo‘yicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yo‘q», — dedi prezident.

Mahalliy mahsulotlarni birjada ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizim O‘rtachirchiq tumani misolida tushuntirildi. «Bu yangi tizim fermer va klasterlarga maktab, hokimlarga esa sinov bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Yangi tizim bo‘yicha:

  • tuman hokimi g‘alla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bug‘doyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi;
  • tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman bo‘limi ushbu fermer va klasterlarni birjada ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkillashtiradi;
  • tadbirkorga qulay bo‘lishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi;
  • ushbu savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga ko‘maklashiladi;
  • ular shu joyning o‘zida birja savdolarida ishtirok etishga o‘qitiladi;
  • fermerlarga bug‘doyni birjaga qo‘yganda garov talab etilmaydi.

Qayd etilishicha, birja savdosi bo‘yicha tadbirkor va fermerlar uchun sodda va lo‘nda metodika ishlab chiqiladi. Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda to‘lov amalga oshiriladi. Bunda fermerga to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishini birja kafolatlaydi.

Prezident tomonidan birja sohasida har yili kamida 1 mingta mutaxassis tayyorlab, ularning bandligini ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Bunda kamida 100 nafar nogironligi bor yoshlarni bepul o‘qitib, sohada ishga qabul qilish topshirildi, deyiladi xabarda.