O‘zbekistonda diniy erkinlik sohasida muhim islohotlar amalga oshirildi, biroq so‘nggi paytlarda «eski kunlarni aks ettiruvchi» holatlar kuzatilmoqda, deya ta’kidladi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum 16 may kuni poytaxtda o‘tkazilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» forumida.

Amerika diplomatik missiyasi rahbari elchixona bunday muloqotlarda bir necha bor ishtirok etib, uch yillik ish davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi muloqot kengayganini qayd etdi. U o‘zini O‘zbekistonning do‘sti deb bilishini ham qo‘shimcha qildi.

«Diniy erkinlik amerikaliklar uchun ham muhim hisoblanadi. Yillar davomida biz tashqi siyosatimizda buni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratdik. Davlat departamenti har yili dunyodagi diniy erkinlik borasida hisobot berib boradi. Bu bilan biz mukammalmiz, boshqalarga o‘rgatyapmiz demoqchi emasmiz. Albatta, bizda ham bag‘rikenglikni oldingi surish bo‘yicha qiladigan ishlarimiz juda ko‘p», deya Deniyel Rozenblyumning so‘zlarini keltirmoqda Bugun.uz.

O‘zbekistonda 2016 yildan buyon juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, deya ta’kidladi elchi. 2020 yilda O‘zbekiston diniy erkinlikni cheklash borasida maxsus kuzatib boriladigan mamlakatlar ro‘yxatdan (Special Watch List) chiqarib tashlandi. «Bu o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston hukumati tomonidan qilingan ishlarning natijasini ko‘rsatadi. Shuningdek, yuzlab siyosiy va diniy maxbuslarning erkinlikka chiqarilishi ham bunga misol bo‘la oladi», — dedi diplomat.

«Kichik diniy guruhlarning reydlari ham to‘xtatildi. Bu esa diniy erkinlik borasida juda muhim qadamlardan edi. O‘zbekiston hukumati diniy erkinlik borasidagi nozik masalalarni ham xalqaro hamjamiyat bilan muhokama qilishga tayyorligini ko‘rsatdi. AQSh bularni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Deniyel Rozenblyum.

Shunga qaramasdan, elchi amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi holatlarni ham ko‘rib turganini qayd etdi. Bunga misol sifatida bir qator holatlarni sanab o‘tdi.

«Qilingan ishlardan qat’i nazar, oxirgi paytlarda O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi holatlarni ham ko‘rib turibmiz. Odamni tashvishga soladigan misollarni sanab o‘tmoqchiman: ekstremistik material tufayli odamlarning qamalishi, kichik diniy tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tishida ularga to‘siqlar qo‘yish, xususan, viloyat va tumanlar o‘rtasida, shuningdek, ichki ishlar hodimlari tomonidan soqol qo‘ygan odamlarning soqolini majburlab oldirib tashlash holatlari va boshqalar», — deya ta’kidladi u.

AQSh shuningdek, 2021 yilning iyulida yangi tahrirda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonundan ham «unchalik xursand emas», dedi Deniyel Rozenblyum.

«Masalan, majburiy ro‘yxatdan o‘tish hozir ham qonuniy talab bo‘lib qolmoqda. Yaqinda yangilangan qonun bo‘yicha diniy tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tish jarayoni hali ham keng, murakkabligicha qolmoqda, ba’zi talablar xalqaro qonun talablariga zid kelyapti. Noqonuniy diniy adabiyotlar odamlarning ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinishiga olib kelmoqda. Odamlarda o‘z dinlariga erkin rioya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», — dedi u.

Rozenblyum O‘zbekistonda 2016 yildan beri katta yutuqlarga erishganini qayta ta’kidlab, «biroq shu kunlarda ayrim narsalar orqaga ketgandiyek tuyulyapti» dedi.

«Orqaga ketmaylik, oldinga ketaylik, yanada bag‘rikengroq jamiyat sari harakat qilaylik. Shunday jamiyat bo‘lsinki, bu yerda turli xil dinlarga, kichik dinlarga ham joy bo‘lsin», — dedi u.

Shu kunlarda «Gazeta.uz» Toshkentda fuqarolarni yana IIBga olib borib, soqollarini olishga majburlashgani haqida yozgandi. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, ularga 15 sutka qamoq bilan tahdid qilishgan va shundan keyin soqolini olishga majbur bo‘lishgan. IIV matbuot kotibi fuqarolar o‘z huquqlari poymol etilgan deb hisoblasa, shikoyat qilishi mumkinligini qayd etgandi.