Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston metrosi joylashgan chorrahada Nest One turar joy majmuasi quruvchilari namoyish o‘tkazayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Unda ta’kidlanishicha, ishchilar oylik maoshini ololmagani uchun norozilik namoyishlariga chiqishmoqda.

Videolarda bir necha 100 kishi transport qatnov qismiga — chorrahaga chiqib, yo‘lni to‘sish orqali o‘z e’tirozlarini bildirayotganini ko‘rish mumkin.

«Gazeta.uz»ga Nest One vakilining ma’lum qilishicha, ishchilarning kichik guruhidan iborat norozilik namoyishi 17 may kuni soat 8:45 da sodir bo‘lgan. Bunga oylik maoshdagi kechikishlar sabab bo‘lgan.

«Ichki mehnat qoidalariga ko‘ra, ish haqi har oyning 8 dan 12 sanasigacha beriladi. May oyida ichki protsessual sabablarga ko‘ra 4−5 kunlik kechikish yuz berdi. 16 may kuni barcha ishchilar ish haqi 17 may kuni plastik kartalarga to‘lab berilishi haqida ogohlantirilgan va shu kuni ertalab soat 9:00dan, bank o‘z ishini boshlashi bilan tusha boshladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oylik tushganligi haqidagi sms-xabarnomalar kela boshlashi bilan norozi ishchilar o‘zining ish joyiga qayta boshlagan va ishini davom ettirgan.

«O‘zaro tushunmovchilik hal qilindi va u bir soatdan ko‘p vaqt davom etmadi. Loyihamizga e’tibor qaratganingiz uchun tashakkur», — dedi kompaniya vakili.

Nest One majmuasi qurilishiga mas’ul bo‘lgan Murad Buildings kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov o‘zining Instagram`dagi sahifasida mazkur holatga izoh berdi.

«Men Nest One [oldida] turib, jonli efir qilayapman. 17 may soat 15:09. Ijtimoiy tarmoqlarda vahima qilib, „Nest one`da bir narsa bo‘layapti, olomon“ deb charchatib yubordinglar. Hammayoq tinch. Hamma zo‘r, ish bang‘illab ketayapti. Hammasi [quruvchilar] ishlayapti», — dedi u.

Biroq, u ishchilarning namoyishi va oylik muammosi haqida so‘z ochmagan, faqat bunga 15 kuni Nest one`ning eng oxirgi qavatida osh tayyorlaganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joyiga barcha mas’ul shaxslar yetib borgan va tekshiruv o‘tkazishni boshlab yuborgan. «Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan, ishchilar o‘z ish joylariga qaytgan», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ishchilar muammo maosh ortidan yuzaga kelganini aytishgan, kompaniya rahbariyati tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilgach, barchasiga oydinlik kiritiladi.