Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Tilo Klinner Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlagan islohot jarayoni «har doim o‘z-o‘zidan to‘liqsiz bo‘lib qoladi».

«Shuning uchun birinchi navbatda, qayerda yana ishlashga zarurat mavjud, islohotlar muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun yana nima qilish kerak, degan savol tug‘ilaveradi», — dedi diplomat.

«Birinchidan, bu yerda huquqiy tizim katta o‘zgarishlarga uchradi, lekin uni hali kundalik hayotga tadbiq etish kerak. Misol keltirsam. Ma’muriy huquq islohoti amalga oshirildi, bu ham zamonaviy qonunchilikka olib keldi. Boshqarishning yangi usuli butun apparatga etib borgunicha va undan o‘tgunicha ko‘p vaqt talab etiladi. Bu esa odamlar bilan ishlashimizga bog‘liq», — dedi elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «qonun ruhi ijrochilar tomonidan idrok etilishi» uchun o‘qitishlar o‘tkazilishi kerak.

«Buning oqibatlari ham bor, masalan, xorijiy investorlar ham to‘qnash keladigan korrupsiyaga qarshi kurash. Boshqaruv tizimi qoidalarga qanchalik ko‘p rioya qilsa, korrupsiya uchun joy shunchalik kam bo‘ladi. Biroq, bu hali ustida ishlash kerak bo‘lgan jihat. Aytganimdek, biz hali hamma narsaga yetib bormadik», — dedi Tilo Klinner.

Elchi, shuningdek, quyi bo‘g‘indagi davlat organlari ishtirokini «hali ham rivojlantirish kerak» deb hisoblaydi.

«Hozirgacha iyerarxiya juda vertikal — yuqoridan pastga qarab qolmoqda, va bu fuqarolar, fuqarolik jamiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga rivojlanish va jalb qilinishiga yetarli imkoniyatlar bermayapti. Ammo yaxshi yondashuvlar ham mavjud. Masalan, bu yerda o‘zini o‘zi boshqarishning an’anaviy shakli bo‘lgan mahalla bor, ularning rolini ham kuchaytirish kerak. Ularning ishi isloh qilinishi kerak. Ana shunda ular jamiyatni modernizatsiya qilish uchun katta aktiv, katta yordam bo‘ladi», dedi u.

Diplomatik missiya rahbari O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlashda «olg‘a intilish» borligini ta’kidladi, biroq ayni paytda «taraqqiyot qonunchilik bilan ham, islohotlar, niyatlar yoki transformatsiya dasturlari bilan ham hamqadam emas», deya e’tirof etdi. Har bir jamiyat avvalo bu islohotlarni qabul qilishi kerak, deya takrorladi u.

«Yaqinda mamlakat Konstitutsiyaviy sudi sudyasi bilan suhbatlashdim va u men bilan konstitutsiyaviy huquq amalda tatbiq etilishi uchun bu jarayonni qanday tezlashtirish mumkin, degan masalani muhokama qildi. Ma’muriy huquq — bu konstitutsiyaviy huquqning amaliyotda tatbiq etilishi, buning uchun birinchi navbatda qonunni qo‘llash va mamlakatning ma’lum bir tumanlarida ishlaydigan sudyalarni tayyorlash, shuningdek, davlat xizmatchilari uni amalda qo‘llashlari uchun o‘qitish kerak», — dedi diplomat.

«Mana shu misolni olaylik, — deya so‘zida davom etdi elchi. — Men o‘z avtomobilimda ketayapman va belgilangan tezlikni oshirayapman. Meni politsiya xodimi to‘xtatadi, politsiya xodimlari orasida korrupsiya kam bo‘lgan mamlakatlarda fuqaro xodim bilan savdolashishni hayoliga ham keltirmaydi, shunchaki jarimani to‘laydi, xolos. Lekin savdolashish uchun imkoniyat ham bor. Va aynan shu narsani to‘xtatish kerak, chunki muammoning tub ildizi mana shu yerda yotadi».

U Mixail Saakashvili boshchiligida butun politsiya tizimini tubdan isloh qilishga harakat qilgan Gruziyani misol qilib keltirdi.

«Gruziyaga tashrif buyurganimda, men har doim janob Saakashvilining ishini qadrlaydiganlar va aksincha fikrda bo‘lganlar borligiga amin bo‘lganman. Lekin deyarli hamma politsiyadagi islohot haqida ijobiy ohangda gapiradi», — deydi u.

Video