O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Harbiy orkestr ijrosidagi «Xotirlash kuyi» ohangida davlat rahbari «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi, deya хабар berdi prezident matbuot xizmati.


«Matonat madhiyasi» majmuasi Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. U xalqning urushdagi yo‘qotishlari, tinchlik uchun kurashi timsoli sifatida bog‘ markazidan o‘rin olgan.

Bog‘da Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam bo‘ldi.


«Bugun ushbu G‘alaba bog‘ida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida ta’zim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bag‘ishlagan serqirra hayot yo‘li kelgusi avlodlar uchun o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan buyuk merosdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Davlat rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini ta’kidladi.

«Bugun dunyo tahlikali bo‘lib borayapti. Har daqiqa sinovli bo‘layapti. Bu bizga ham ta’sir qiladimi? Albatta ta’sir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu ta’sirni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham o‘tamiz, — dedi prezident.

Oldinroq prezident urush qatnashchilari bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.