Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Yevropa sudiga o‘zining Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqdagi ma’lumotni TASS sud matbuot xizmati orqali tasdiqladi.

«Janob Alisher Usmonovning [Yevropa Ittifoqi] Kengashga qarshi da’vosi 29 aprel kuni yuborilgan. Da’vogar Kengashning unga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni va sud qarori chiqarilgunga qadar taqiqlovchi choralarni qo‘llashni to‘xtatib turishni talab qiladi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Eshitish sanalari hali belgilanmagan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni Rossiyaning boshqa yirik tadbirkorlari va amaldorlari qatorida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Unda Alisher Usmonov Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlik uchun javobgar bo‘lgan Rossiya rasmiylarini qo‘llab-quvvatlagani qayd etilgan.

Tadbirkor o‘z sha’ni va obro‘sini himoya qilishini aytdi.

TASS xabariga ko‘ra, qora ro‘yxatga hozirda 1091 kishi, jumladan, 30 dan ortiq tadbirkor va 80 tashkilot kiritilgan.