O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistondan mamlakat hududiga kirib kelgan harbiy aviatexnikani «Tolibon»ga qaytarib berishni rejalashtirmayapti, chunki ular Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev «Amerika ovozi»ga ma’lum qildi (o‘zbek tilidagi intervyu).

Gap 2021 yilning avgust oyida «Tolibon» harakati hukumat tepasiga kelganidan so‘ng afg‘on harbiylari minib, O‘zbekistonga qochgan 22 ta samolyot va 24 ta vertolyotlar haqida ketmoqda. Yana 18 ta afg‘on harbiy texnikalari Tojikistonga olib chiqilgan edi.

Yanvar oyining boshida Afg‘onistondagi muvaqqat hukumatning mudofaa vaziri v.b. Mavlavi Muxammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan aviatexnikani qaytarishni talab qildi. «Tojikiston yoki O‘zbekistonda turgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan ishlatilishiga ruxsat bermaymiz», — degan edi u.

«Bu uchoqlarning barchasi Amerika hukumati puliga sotib olingan. Ular Afg‘onistonning oldingi hukumatini moliyalashtirishgan», — deydi Ismatulla Irgashev. U aviatexnikalar O‘zbekiston hududida saqlanayotganligini va ularning taqdirini rasmiy Vashington hal qilishini bildirgan. «Biz bu haqda «Tolinbon»ga ham xabar berganmiz», — dedi u.

Ismatulla Irgashev uchoqlarning O‘zbekistonga kelishi qonunga zid bo‘lganligini, shu sababli holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ushbu aviatexnikaning barchasi qamoqqa olinganligini, bu borada sud qarori chiqarilishi kerakligini aytgan.

AQSh Mudofaa vazirligi vakillari «Amerika Ovozi»ga na O‘zbekiston, na Tojikiston samolyot va vertolyotlarni qaytarishni rejalashtirmayotganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, AQSh tomoni haligacha ushbu avitexnikaning taqdiri haqida biror qaror qabul qilganliklari yo‘q.

Norasmiy baholarga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga qo‘ngan samolyot va vertolyotlar bortida 500 dan 600 nafargacha, Tojikistonda esa 140−150 nafar Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan, deya ta’kidlaydi «Amerika Ovozi». sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar avval BAA, keyin esa AQShga ko‘chirilgan edi.