Senatning yalpi majlisida «Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Amaldagi «Qurol to‘g‘risida»gi Qonun bilan o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Biroq o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchilikda javobgarlik mavjud emas edi.

Ya’ni, o‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga «kafolat» yo‘q.

Shu bois, Senatning yalpi majlisida muhokama qilingan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda:

  • qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda;
  • o‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklar nazarda tutilmoqda;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi (chegarasi) yigirma besh yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);

Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ov quroliga egalik qilishning eng kam yoshini 21 yoshdan 25 yoshgacha oshirish taklifi dastlab Qonunchilik palatasining 8 fevral kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan edi. Ushanda deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.