Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi va oliy ta’lim vazirlariga ikki oy muddatda texnikumlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni buyurdi. Bunda barcha texnikumlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilishi belgilandi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Bunda:

  • agrar sohadagi barcha texnikumlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi;
  • klaster va boshqa yirik qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan hamkorlikda texnikumlardagi o‘quv dasturlar, metodologiyasi, darsliklar va amaliyot tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi;
  • texnikumlar yangi tashkil etiladigan agroxizmatlar markazlari bilan uzviy bog‘lanadi.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrar universitet bilan tizimdagi kollej va texnikumlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Jizzax, Toshkent va Farg‘onada 3 ta qishloq xo‘jaligi texnikumini modernizatsiya qilish boshlangan.

«Lekin qolgan 31 ta texnikum va kollej bilan, 83 ta kasb-hunar maktabi bilan qachon shug‘ullanamiz?» — degan savolni o‘rtaga tashladi prezident.

O‘z navbatida, davlat rahbari yangi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti 2022−2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlashi zarurligini qayd etdi. Universitetdagi birinchi o‘quv yilida 7 ta mutaxassislik bo‘yicha 200 nafar talaba o‘qitilishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angliyaning Qirollik qishloq xo‘jaligi universitetida (Royal Agricultural University) O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik.