Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat qiladigan katta inspektor lavozimi joriy etildi. Bu haqda hukumatning 26 apreldagi “Ta'lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarorida so‘z boradi.

Katta inspektor maktablarda, o‘rta maxsus ta’lim dargohlarida yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi, viktorina va turli musobaqalarni tashkil etadi, tadbirlarning OAVda yoritilishini ta’minlaydi. Shuningdek, maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlarni o‘rganadi, monitoring qiladi va baholab boradi. Aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida hududiy xalq ta’lim boshqarmalariga ma’lumot kiritadi hamda ta’lim muassasalarida mazkur qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilib boradi.

Shuningdek, maktablarda ko‘ngilli yoshlar ishtirokida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qiluvchi “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubi hamda “Yashil chiroq” musobaqasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, 1 sentabrdan “Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida bog‘cha tarbiyalanuvchilari va o‘quvchilarga yo‘llarda, chorrahalarda va piyodalar o‘tish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-ko‘rgazmali o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’lim muassasalariga yaqin hududlarda esa “Yo‘l harakatini o‘rganish maydonchalari” tashkil etiladi. Buning uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlaridan doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkalari ajratiladi.

Qaror bilan “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubini tashkil etish va “Yashil chiroq” musobaqasini o‘tkazish tartiblari tasdiqlandi. Klubga 9−11-sinf o‘quvchilari a’zo bo‘lishi mumkin. “Yashil chiroq” musobaqasi g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, 2022−2025 yillarda umumiy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida “Harakat xavfsizligi sinfxonalari” tashkil etiladi. Umumiy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari sohasida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida o‘quv-seminarlar o‘tkaziladi.