Axborotlashtirish telekommunikatsiyalar sohasi bo‘yicha davlat inspeksiyasi fonogrammalar va audiovizual asarlar tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi qonunchilik himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan «Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori sharhida aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, Internetda mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish bo‘yicha «Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri» ishga tushiriladi.

«Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri» Axborotlashtirish telekommunikatsiyalar sohasi bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan yuritib boriladi. Ushbu reyestrga ma’lumotlarni kiritish esa Adliya vazirligining tegishli xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Reyestrga mualliflik va turdosh sohasidagi qonunbuzilish holatlari tizimli ravishda sodir etilgan va belgilangan tartibda isbotlangan veb-saytlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu reyestrga kiritilgan veb-saytlarning faoliyati ularda sodir etilgan qonunbuzilish holati to‘liq bartaraf etilmagunga qadar cheklanadi.

«Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri» joriy etilib, unga tizimli ravishda mualliflik va turdosh sohasidagi qonunbuzilish holatlari sodir etgan veb-saytlar kiritiladi.

Shuningdek, qaror bilan 2022−2026 yillarda O‘zbekistan Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyaning 7ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 38ta tadbirni o‘z ichiga olgan 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi», 2022−2026 yillarda O‘zbekistan Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab olindi.

Hujjat bilan bojxona organlari tomonidan kontrafakt mahsulotlarning ushlab qolinishi choralari kuchaytirilmoqda. Unga ko‘ra:

  • davlat bojxona chegarasi orqali intelektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish tizimi takomillashtiriladi;
  • mulk egalari kontrafakt tovarlarning kirishini oldini olish bo‘yicha bojxona organlariga ariza bilan murojaat qilganida, 7 turdagi ma’lumotlarni taqdim qilish majburiyati bekor qilinadi;
  • bojxona organlari tovarlarni rasmiylashtirish jarayonida intelektual mulkka bo‘lgan huquqlar buzilgani alomati aniqlanganda, bu haqda huquq egalarini bojxona organlarining o‘zi bir ish kuni davomida elektron ravishda xabardor qiladi.

Shuningdek, intelektual mulk obyektlari savdosi uchun «Intelektual mulk — barcha uchun» maxsus internet-auksion savdo platformasi ishga tushiriladi.

Mazkur platformadan foydalangan holda bevosita huquq egalari o‘zlarining obyektlarini joylashtirib, ularning boshlang‘ich narxini ko‘rsatgan holda boshqa shaxslarga sotishi yoki litsenziya shartnomasi asosida boshqa shaxslarga foydalanishga berish imkoniyatlari yaratiladi.

Qaror bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining tegishli organlari tomonidan dori vositalari, tibbiy buyum, tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli guvohnomalarni berish jarayonida o‘tkaziladigan ekspertiza mobaynida bevosta intelektual mulk huqulariga rioya etilganini tekshirish tartibi joriy qilinadi. Xuddi shunday tartib mahsulotlarni sertifikatlash faoliyatini amalga oshiruvchi organlar uchun ham yo‘lga qo‘yiladi.