Toshkentning Mirobod tumanida joylashgan Davlat geologiya va mineral resurslari davlat qo‘mitasi binosi va maydoni auksionda boshlang‘ich narxidan 49 mlrd so‘m qimmatroqqa sotildi. Savdo natijalari E-auksion portaliga joylandi.

Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan ma’muriy binoning boshlang‘ich narxi 75,6 mlrd so‘m etib belgilangan edi. Qariyb 1 soat 20 daqiqa davom etgan auksionda bino «XAMKOR INSHAAT» MCHJga 124,7 mlrd so‘mga sotildi. Bu uning dastlabki belgilangan narxidan 49,1 mlrd so‘m qimmat.

Uni sotib olish uchun 5 nafar ishtirokchi auksionda qatnashib, ular tomonidan 13 qadam yuqori narx tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, yer uchastkasining umumiy maydoni 1,3 gektar. Binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni 10962 kv.m.

Spot`ning yozishicha, o‘tgan yilning oktabr oyida «XAMKOR INSHAAT» 71,6 mlrd so‘mga qo‘mita binosi yaqinidagi Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti majmuasini sotib olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning iyulida Geologiya muzeyi binosi ham auksionga qo‘yilgan edi. obyektning boshlang‘ich narxi — 27,6 mlrd so‘m etib belgilangandi.