Qarshi shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatning dolzarb muammolaridan biri bo‘lgan uy-joy masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Bu haqda bloger Aziza Qurbonova xabar berdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, viloyatda joriy yilda jami 5036 kvartirali 143 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshiriladi. Koson tumanining «Do‘stlik», Yakkabog‘ tumanining «Ayg‘irko‘l» mahallalarida va Ko‘kdala tumanining Yettitom shaharchasida «Yangi O‘zbekiston» massivlarining qurilishi boshlangan.

«Bunda, shu yilning o‘zida 1316 kvartirali 65 ta ko‘p qavatli uylar, 3 ta bog‘cha, 3 ta maktab, 1 ta tibbiyot muassasasi va ko‘plab zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi», — dedi prezident.

Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz» tomonidan yangi tashkil etilgan GTL zavodi ishchilarini uy-joy bilan ta’minlash uchun G‘uzor tumanida ham «Yangi O‘zbekiston» massivi barpo etiladi va joriy yilda 200 xonadonli 10 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Yig‘ilishda joriy yilda viloyat aholisiga 730 mlrd so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari hamda 1795 ta ehtiyojmand oilaga 72 mlrd so‘m subsidiya ajratilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, bu yil 30 ta qishloq va mahallalar «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari bilan qamrab olinib, bunga 460 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Natijada, 131 ming nafar aholi, jumladan «Temir», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlariga kiritilgan 4 ming nafar fuqaroning yashash sharoiti yaxshilanadi.

Yana 99 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini qurishga 36 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.