Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatida yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani aholisi bilan uchrashuvda dunyodagi murakkab vaziyatning O‘zbekistonga ta’siri haqida to‘xtaldi.

«Bugungi kunda dunyodagi vaziyat juda jiddiy, buni bilgan biladi. Neft mahsulotlari 50 foizgacha, ayrim oziq-ovqat turlari, masalan, o‘simlik yog‘lari 70 foizgacha oshib ketdi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Kun.uz.

Davlat rahbari O‘zbekiston shakar zavodlari ishlashi uchun Braziliyadan xom ashyo olib kelgani, biroq hozir bu to‘xtab qolganini ma’lum qildi.

«Afsuski, hozirgi ayrim siyosiy vaziyatlar tufayli yo‘llar yopilib qolib, ishlar to‘xtadi. Shuning uchun narx oshishi va inflyatsiyaning xalqimiz hayotiga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida, biz yanada ko‘proq harakat qilishimiz, tinmay ishlashimiz kerak. Toki bir kun vaqtimiz bor ekan, bitta daraxt ekishga, bitta hosil olib xalqimizga yetkazishga harakat qilishimiz kerak», — dedi u.

Yo‘llar yopilganiga qaramay, Afg‘oniston, Pokiston yo‘nalishidagi ishlarni davom ettirilmoqda.

«Bosh maqsadimiz xalqimiz taraqqiyoti», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i iste’molining yarmiga yaqini import hisobidan qoplanadi. Bunday sharoitda jahon bozoridagi har qanday tebranishlar ichki bozordagi narxlarga ta’sir qiladi. Jahon o‘simlik yog‘i eksportining 64 foizini tashkil etuvchi Ukraina va Rossiyadagi vaziyat uning jahonda, jumladan, O‘zbekistonda ham narxi oshishiga olib kelishi mumkin. «Gazeta.uz» o‘simlik yog‘i narxining oshishi yaqin oylardagi asosiy muammolardan biriga aylanishi mumkinligini yozgandi.