Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu O‘zbekiston prezidentining 15 apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi amaldagi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytirildi, biroq binolar bo‘yicha soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kvadrat metr uchun belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emasligi joriy etildi. Bu narxlar hududlar bo‘yicha quyidagicha:

  • Toshkent shahrida — 2,5 mln so‘m;
  • Nukus va viloyat markazlarida — 1,5 mln so‘m;
  • boshqa shaharlar va qishloq joylarda — 1 mln so‘m.

Soliq to‘lovchilarga yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlarining 1 kvadrat metri uchun belgilangan minimal miqdor ularning qiymatidan baland bo‘lgan hollarda, ko‘chmas mulk qiymatini baholash uchun baholovchilarni jalb qilish vakolati berildi. Mustaqil baholash natijalari soliq solinadigan baza sifatida tan olinadi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda so‘nggi ikki yil davomida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda o‘tkazilgan mol-mulkni baholash natijalari asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, 1 kvadrat metr uchun minimal qiymat tartibi (Soliq kodeksining 412-moddasi) endi minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) uchun qo‘llanilmaydi.

Bunda, belgilangan eng kam mutlaq miqdor qo‘llanilmaydigan obyektlarning ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasining tadbirkorlik subyektlari va baholash faoliyati sohasidagi professional tashkilotlarning tavsiyalariga muvofiq berilgan takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.