Jo‘rayev Xurram Abdurazikovich Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani hokimi etib tayinlandi, deya xabar berdi O‘zA. Xurram Jo‘rayev yangi lavozimga tayinlanishi munosabati bilan Chiroqchi tumani hokimi lavozimidan ozod qilindi.

Chiroqchi tumani hokimi lavozimiga esa viloyat hokimining moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Erkayev Nodir Xudayberdiyevich tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan 24-yalpi majlisida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Qashqadaryo hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani haqida yozgandi. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.