Shavkat Mirziyoyev mahallalarda hokim yordamchilarning faoliyatidagi oqsoqliklarni tanqid qildi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektorda aytib o‘tildi.

«Hali 40 foiz mahallada hokim yordamchilarining ishida natija ko‘ringani yo‘q… Shu bilan birga, joylardagi ayrim hokim yordamchilari „kredit, subsidiya, yer olib beraman“, deb ta’magirlik qilayotgani ham juda achinarli holatdir», — dedi davlat rahbari.

Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumani «Sharq» mahallasidagi hokim yordamchisi imtiyozli kreditga tavsiya berish uchun, «pora» olayotganda ushlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Bu kabi holatlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bo‘ka, Baxmal tumanlari, Marg‘ilon, Shirin shaharlarida ham mavjud ekani aytildi.

«Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, respublika vakillari, Ubaydullayev va uning quyi tizimi rahbarlarini qat’iy ogohlantiraman. Odamlarni rozi qilish va inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi prezident.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi o‘rtalarida Namangan viloyati Chust tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi va yana bir qancha shaxslar fuqaroga 5,3 gektar yerni ajratib berish evaziga 15 ming dollar talab qilganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Zangiota tuman hokimi yordamchisi ham pora olayotganda ushlangan. Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi fuqarodan 60 sotix yer maydonini olib berish evaziga 5,5 mln so‘m so‘ragani ma’lum qilingandi. U pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bunga qadar «Gazeta.uz» respublika bo‘ylab barcha mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburlab o‘tkazilayotgani aytilayotgani haqida yozgandi.

Qolaversa, yanvar oyida o‘tkazilan videoselektorda prezident hokim yordamchilarini hech qaysi hokim yoki rahbar majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan «ko‘mib tashlamasligi», hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerakligini ta’kidlagandi. «Hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi lozim», — deb aytgandi Shavkat Mirziyoyev.