16 aprel kuni Rossiya London sanksiyalariga javob tariqasida «stop ro‘yxat»ga Buyuk Britaniya hukumatining asosiy a’zolari va bir qator siyosiy arboblarni kiritdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

«Buyuk Britaniya hukumatining misli ko‘rilmagan dushmanona harakatlari munosabati bilan, xususan, Rossiya Federatsiyasining yuqori mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalar qo‘llagani uchun Buyuk Britaniya hukumatining asosiy a’zolari va bir qator siyosiy arboblarini Rossiyaning «stop ro‘yxati»ga kiritish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

Mazkur ro‘yxatdagi shaxslarning Rossiya hududiga kirishi taqiqlanadi.

«Bu qadam Londonning Rossiyani xalqaro miqyosda yakkalab qo‘yish, mamlakatimizni tiyib turish va ichki iqtisodiyotni bo‘g‘ish uchun sharoit yaratishga qaratilgan axborot va siyosiy kampaniyasiga javob sifatida qabul qilindi», — deyiladi bayonotda.

Ro‘yxatga kiritilganlar:

  • Boris Jonson — Buyuk Britaniya bosh vaziri;
  • Dominik Raab — bosh vazir o‘rinbosari, adliya vaziri;
  • Elizabet Trass — tashqi ishlar vaziri;
  • Ben Uolles — mudofaa vaziri
  • Grant Shapps — transport vaziri;
  • Priti Patel — ichki ishlar vaziri;
  • Rishi Sunak — moliya vaziri;
  • Kvazi Kvarteng — tadbirkorlik, energetika va sanoat strategiyasi vaziri;
  • Nadin Dorris — raqamlashtirish, madaniyat, OAV va sport vaziri;
  • Jeyms Xippi — mudofaa vaziri o‘rinbosari;
  • Nikola Sterdjen — Shotlandiyaning birinchi vaziri;
  • Suella Braverman — Angliya va Uels bosh prokurori;
  • Tereza Mey — Konservativlar partiyasidan parlament deputati va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, yaqin fursatlarda ushbu ro‘yxat Buyuk Britaniya siyosatchilari va parlament a’zolari hisobiga yanada kengayadi.

Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Ushbu sanksiyalarga ko‘ra, 8 nafar shaxsning aktivlari muzlatildi. Bu Ukrainadagi harbiy amaliyotga javoban Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining beshinchi paketi hisoblanadi.