Eronning Toyinobod shahrida Amir Temurning o‘gli Shohruh Mirzo tomonidan qurilgan masjid devorida Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy tomonidan qoldirilgan noyob bitiklar topildi. Bu O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev va Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Mansur Isroilovning Eronga xizmat safari davomida ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi.

Tursunali Qo‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, Amir Temur Eronga tashrifi davomida Mashhad viloyatining Toyinobod shahrida shayx Abu Bakr Zayn-ul Obiddin Toyyibiniy bilan uchrashgan va u bilan do‘stlashib qolgan. Uzoq yillar davomida u bilan yozishib turgan. Ushbu do‘stlik hurmatiga Shohrux Mirzo shaharda masjid qurdiradi.


“Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va ko‘plab allomalarimizning do‘stona munosabatlarini o‘zida muhrlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, ko‘p hukmdorlar va taniqli arboblar bu masjidga kelib, namoz o‘qishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Masjidning devorida yuqori martabali mehmonlar uchun hurmat devori bo‘lib, ularda mehmonlar o‘z tilaklari yoki bitiklarini yozib qoldirishgan. Ularni ko‘zdan kechirayotib, ajoyib yangilik — Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etdik”, — dedi u.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Ma’lum qilinishicha, mazkur tashrif prezidentning 2021 yil 19 iyundagi 5150-son qarori asosida tashkil etilgan. Unda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishda Eron va Turkiyadan malakali mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qilish hamda ular ishtirokida asrashga doir ishlarni olib borish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilning mart oyida Eronga xizmat safari tashkil etildi. Ayni damda ulug‘ allomalar bitiklarini ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.