O‘zbekiston Yamanda BMT vositachiligida ikki oylik sulh va o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganini olqishlaydi. Tegishli bayonot mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

«Harbiy harakatlarga vaqtinchalik moratoriy, shuningdek, ushbu mamlakatda qonuniylikni ta’minlash uchun ko‘rsatilgan qat’iyat Yamanda keng qamrovli tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida murosaga erishish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda.

«Biz barcha kurashayotgan tomonlarni ixtilofni muloqot va diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun vazmin bo‘lishga va siyosiy iroda ko‘rsatishga chorlaymiz», -deya qayd etdi TIV.

BMT materiallariga ko‘ra, yetti yildan ortiq vaqtdan beri Yamanda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi hukumatparast koalitsiya va isyonchi hutiy guruhlari o‘rtasida qurolli qarama-qarshilik davom etmoqda.

Yamanda ikki oylik sulh haqidagi kelishuv 1 aprel kuni imzolangan edi. Tomonlar Yaman ichida va uning chegaralari yaqinida havo, quruqlik va dengizdagi barcha hujum operatsiyalarini to‘xtatishga kelishib oldilar.

Ular, shuningdek, yonilg‘i ortilgan kemalarning Hudayda portiga kirishi va Sana aeroportida tijorat reyslarini amalga oshirishga ham kelishib oldilar.

Tomonlarning roziligi bilan sulh ikki oylik muddatdan keyin uzaytirilishi mumkin.