Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda, deb xabar qildi uning matbuot kotibi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada yanvarda besh yillik dastur ham qabul qilindi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «sohada ishlarning bugungi holati bilan bu marralarga erishib bo‘lmaydi».

Prezident topshirig‘iga ko‘ra barcha farmatsevtika korxonalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani aytildi.

Ular tomonidan 50 ga yaqin muammolar, shu jumladan, quyidagilar ko‘tarildi:

  • tibbiyot muassasalari tomonidan davlat xaridlarida dori vositalarini «savdo nomi» bilan joylashtirish, bir necha dorilarni bitta lotga qo‘yish holatlari mavjud;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasidan foydalana olmayapti;
  • tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun kerakli dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjud;
  • korxonalar bilan mahsulotini 3 yil davomida kafolatli sotib olish (ofteyk) tizimini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmadi;
  • ichki bozorda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yo‘q.

Misol uchun, 2021 yilda 24 turdagi qalbaki, 400 turdagi sifatsiz, 1,5 mingdan ziyod nomdagi kontrafakt va 2,5 ming nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlangan. Bosh prokuraturaga bu boradagi nazoratni kuchaytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Hududlarni dori vositalari bilan ta’minlanganini tahlil qildim — bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun o‘zimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rishimiz shart», — dedi prezident.

Qayd etilishicha, mamlakatda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar o‘zimizda ishlab chiqarilgani bilan, har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘onada iste’mol qilinadigan dorining atigi 2−5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.