11 aprel kuni tushga yaqin ijtimoiy tarmoqlarda Humo to‘lov tizimida uzilishlar bo‘layotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Xabarlarda “kartalar orqali operatsiyalar amalga oshirib” bo‘lmayotgani aytilgan.

Holat yuzasidan Humo to‘lov tizimi munosabat bildirdi. “Bir qator bank ilovalarida Humo kartalari bilan ishlashda uzilishlar kuzatilmoqda. Bu muammo yaqin kelajakda hal qilinadi”, — deyilgan xabarda.

To‘lov tizimining ta’kidlashicha, ushbu uzilishlar bo‘yicha muammo barcha mobil ilovalarga ham ta’sir qilmagan.

To‘lov tizimi terminal va bankomatlar odatdagi tartibda ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Humo milliy to‘lov tizimida mablag‘larni ikki marotaba yechib olish holatlari kuzatilgani bois, nosozlik bartaraf etilguniga qadar Humo o‘z terminallari va to‘lov ilovalari ishini vaqtincha cheklagan edi.