Tesla 2023 yilda Optimus robot modelini ishlab chiqarishi mumkin, deya kompaniya asoschisi Ilon Maskga tayanib, CNBC nashri xabar berdi.

Bu haqda tadbirkor 7 aprel kuni Texasning Ostin shahrida Tesla`ning yangi zavodi ochilish marosimida ma’lum qilgan. U yerda ommaga robotning maketi taqdim etildi.

“Biz Optimus`ning birinchi versiyasini ishlab chiqarish jarayonini kelasi yilda boshlashimiz ehtimoli bor” — dedi Mask.

Milliarder yangi robot dunyoni tubdan o‘zgartirishiga — “hatto Tesla avtomobillaridan ham ko‘proq” — “to‘kin-sochinlik davri"ga olib kelishiga ishonchi komil. Unga ko‘ra, Optimus odamlar qilishni istamagan har qanday ishni bajarishga qodir bo‘ladi.

Robot odamlar uchun xavfsiz bo‘ladi, deydi Mask. Tesla xavf tug‘ilganda, qochish yoki uni yengish oson bo‘lishini inobatga olib Optimus`ni ishlab chiqadi.

Biroq kompaniya robotning ishlaydigan prototipini hali ko‘rsatgani yo‘q. Tesla`ning rejalari juda katta, bir necha yillik ish davomida u hali, masalan, avtomobillar uchun ishlaydigan avtopilotni yaratmadi, deydi ko‘plab kuzatuvchilar.

“Ommaga taqdim etilmagan robot bir-ikki yil ichida har qanday muammoni hal qila oladi, deyish bema’nilik”, — deydi sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotchi Gari Markus.

Ilk bor Ilon Mask robotning renderini 2021 yil avgustida ko‘rsatdi. Balandligi 173 sm, massasi 57 kg bo‘lgan antropomorf robot kompaniya elektromobillarida qo‘llaniladigan datchiklar va kameralar to‘plami bilan jihozlanadi.

Vaqt o‘tishi bilan u elektromobillar qo‘llaydigan dasturlar asosida avtopilot funksiyalarini oladi. 40 ga yaqin harakatlantiruvchi mexanizmlar bilan Optimus taxminan 8 km/soat tezlikda yuradi va og‘irligi 20 kg gacha bo‘lgan narsalarni ko‘tara oladi.

Mask robot zavodlarda ishchi kuchi yetishmasligi muammolarini hal qilishga yordam beradi, deb va’da bergan edi. Unga ko‘ra, Tesla`ning o‘zi robotlarning birinchi foydalanuvchisiga aylanadi.