Toshkentda fevral oyining o‘rtalaridan buyon davom etayotgan Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlandi. Ishlar janjal bilan boshlangan edi, sababi hokimiyat an’anaga ko‘ra, jamoatchilikni xabardor qilmagandi, qurilish kompaniyasi esa zarur ruxsatni olmagandi.

«Gazeta.uz» muxbiri maydonda bo‘lib, quruvchilar bilan suhbatlashdi, shuningdek, yakunda nima hosil bo‘lgani haqida tarixchining fikrini ham o‘rgandi.

Kosmonavt Vladimir Janibekov haykali bilan birga «Koinot» monumental san’at yodgorligi o‘rnatilgan maydon 12 aprel — Kosmonavtika kuniga bag‘ishlab yangilanayapti.

O‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan loyiha koordinatori ishlar 9 aprelga qadar yakunlanishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlarini shahar hokimligidan loyiha koordinatori Muhammadjon Mahmudov o‘z nomidan tasdiqlashga rozi bo‘ldi.


U rekonstruksiya davomida qora, kulrang va to‘q-kulrang tusdagi 2500 kv. metr atrofida granit plitalari ishlatilgan, ular yordamida «noldan» barcha eski plitalar almashtirilgan. Chorshanba kuni ertalab ishchilar maydon atrofiga bruschatkalarni yotqizib chiqayotgandi.

Koordinator shuningdek, maydon yaqinida 500 tup buta ekilgani, yangi tashqi yoritish vositalari ustunlari va sug‘orish tizimlari o‘rnatilganini so‘zlab berdi. Bu yerda 10 tacha o‘rindiq va ahlat qutilarini o‘rnatish ham rejalashtirilmoqda.


Qurilish ishlari davomida ayrim plitalar qayta ishlatish maqsadida restavratsiya qilingan, biroq, ularning asosiy qismi demontaj vaqtida yaroqsiz holga keltirilgan. Koordinator kimdir 1984 yilda o‘rnatilgan eski plitalarni o‘zining «dachasiga» olib ketganini inkor qildi.

«Plitalar sinib ketgandi. Kim uni o‘zining dachasi uchun ishlatadi? Masalan, men ishlatmasdim. Ana u ishchi ham ularni olmaydi. Qarang (suratni ko‘rsatayapti — tahr.) bu yerda birorta butun plita yo‘q. Yana bir jihat: eski plitalar beton qorishmaga emas, balki shag‘al ustida o‘rnatilgandi. Biz bo‘lsak, tekisladik, setka qo‘yib, mustahkamladik, hammasi odamiylik mezoni bilan qilindi. Ular 10−15 yil turib beradi, agar undan ko‘p bo‘lmasa», — dedi u.


Koordinator skeytchilar yangi qoplama ustida «muammosiz» uchishlari mumkinligini qayd etdi. Avvalroq, maydon silliqligi uchun ham — shaharda rolik va skeyt uchuvchilar eng manzur bo‘lgan hududlardan biri ekanligi haqida yozgandik.

Maydon o‘rtasida uzun chiziqni hosil qilib turgan qora granit plitalar esa 60×40 hajmdagi yangi plitalarga almashtirilgan. Shu bilan birga, Jonibekovning byusti oldidagi chiziqning bir qismi qisqartirilgan — plitalar yorqinroq rangdagi plitalarga almashtirilgan.

«Ëdgorlik yaxlitligi buzilgan»

Alerte Héritage Observatoriyasi prezidenti, Markaziy Osiyo san’ati va me’morchiligi tarixchisi Boris Chuxovich «Gazeta.uz» iltimosiga binoan maydon rekonstruksiyasiga izoh berdi.

U so‘nggi marotaba maydonga 2021 yilning oktabr-noyabr oylarida tashrif buyurganini ma’lum qildi.


Maydon demontaj boshlangani kuni, 2022 yil 13 fevral.

«Menda sifatli fotosuratlar yo‘q, lekin o‘zim olgan fotosuratlarda granit zinapoyalar va „stilobat“, umuman olganda, yaxshi holatda bo‘lganligini ko‘rishingiz mumkin, garchi ularda kichik yoriq va teshiklar bo‘lsa-da (ehtimol, maydonda uchishni odat qilgan skeytbordchilar bunga vaqtdan kam bo‘lmagan miqdorda hissa qo‘shishgan). Ushbu nuqsonlar foydalanish uchun muhim ham emas edi: umuman olganda, maydonning markaziy qismini bezashda ishlatilgan tosh vaqt sinovidan yaxshi o‘tdi va uni qarishining haqiqiyligi unga o‘ziga xos aurani bergandi», — dedi Boris Chuxovich.

Markaziy granit qismi atrofidagi plitka qoplamasi mukammal emas edi va, ehtimol, yaxshilanishga muhtoj bo‘lgan. «Vaqt o‘tishi bilan plita yotqizmalari notekisligi vaqt o‘tishi bilan yanada yomonlashib, o‘tib-qaytuvchilar, ayniqsa kablukda yuruvchilar uchun muammoga aylanishi mumkin edi», — dedi tarixchi.

Jonibekovning byusti atrofidagi qora granit haqiqatan ham badiiy yechimning elementi edi, deb tasdiqladi Boris Chuxovich.

Maydonning oldingi ko‘rinishi. Manba: Google xarita.

«Men uning metaforologik ma’nolari haqida gapirmayman — har kim unga o‘zining shaxsiy assosatsiyalarini singdirish huquqiga ega, biroq, ammo haykalni uning orqasidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi bilan kompozitsion bog‘lash uchun zarur edi. Qora «stilobat»ni biroz kulrang tosh bilan almashtirish orqali quruvchilar maydonni asl yaxlitligidan mahrum qilishgan», — deya ta’kidladi u.


«Shu tarzda rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», — dedi Alerte Héritage observatoriyasi rahbari.


Tarixchi rekonstruksiya sifatini bir necha yildan so‘ng, bir qancha yomg‘irli va qorli mavsumlardan o‘tgach baholash mumkin deb hisoblaydi.

«Tashkiliy tomoniga kelsak, menga hokimiyat shaharliklar fikriga tayanmasdan, faqat o‘ziga tayangan holda o‘zboshimchalik bilan harakat qilishda davom etayotgandek tuyuldi», — dedi u.

«Ishonchim komilki, bu kabi ishlarni amalga oshirishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish, qabul qilingan qarorlar haqida oldindan xabar berish, jamoatchilik va arxitektura ustaxonasiga rekonstruksiya loyihasini taqdim etish zarur — o‘shanda hamma o‘zini sodir bo‘layotgan voqealarni sukut bilan kuzatayotgandek emas, balki so‘zsiz ushbu jarayoning ishtirokchisi hamda to‘laqonli fuqarodek deb his qiladi», — deya ta’kidladi Boris Chuxovich.

Xronologiya

13 fevral «Gazeta.uz» Kosmonavtlar maydonida granit plitalar demontaj qilinayotgani haqida xabar berdi. Majmua monumental san’at yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. Ishlar boshlab yurilgach pudratchi Mimar Group qurilishni Madaniy meros agentligining ruxsatisiz boshlagani ma’lum bo‘ldi.


Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov aytishicha, yakshanba kuni bo‘lganligi uchun loyiha haqida oldindan xabar berilmagan. U shahar hokimligi aholiga qulaylik yaratish maqsadida «yaxshi maqsadlarni ko‘zlagani»ga ishontirishga urindi. Keyinroq, shahar hokimligi maydonning yangi qoplamasi och rangda tasvirlangan loyiha eskizlarini e’lon qildi. «Gazeta.uz» tanqididan so‘ng, hokimiyat mutaxassisi Azizbek Qurbonov maydonning qora plitalar yotqizilgan qismi saqlanib qolishga ishontirgandi.

15 fevral kuni voqea joyiga kelgan Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘ragandi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degandi shahar hokimi. U shuningdek, qurilish ishlari davlat budjetidan emas, balki homiylik asosida (avvalroq, loyihani Akfa kompaniyasi moliyalashtirishi aytilgandi) qilinayotganini qayd etgandi. Natijada ishlar 50 kundan ko‘proq vaqt talab qildi.

Rekonstruksiya ishlarida Mimar Group (OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Akfa kompaniyalar guruhi tarkibiga tegishli) kompaniyasidan tashqari, Flowers Garden va Durable Beton ham qatnashmoqda. So‘nggi ikki tovar belgisi Durable Management (Durable Group, o‘zida Durable Beton, Grand Road Tashkent, City Net IT Engineering, Sonstant Chemicals`larni jamlagan) kompaniyasiga tegishli. Uning tovar belgisiga ega Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasi egalik qiladi.