Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, O‘zbekistonga Rossiya va Belarusning ba’zi fuqarolari ko‘chib kela boshladi. dev.by belarus nashri o‘z Telegram kanalida 24 fevraldan keyin O‘zbekistonga ko‘chib kelgan IT mutaxassislari orasida so‘rovnoma uyushtirib, ulardan 9 tasining javoblarini e’lon qildi. «Gazeta.uz» ushbu maqolaning ayrim qiziqarli joylarini keltiradi.

1. Nega aynan O‘zbekiston?

So‘rovnoma ishtirokchilari turlicha javob qaytarishgan: Gruziyaga ketishni rejalashtirgandim, ammo Toshkentda kompaniyaning ofisi bor edi; O‘zbekistonda yashash arzon deb o‘yladim; Samarqand, Buxoro va boshqa musulmon olamini ko‘rishni anchadan buyon orzu qilgandim.

Qayd etilishicha, mobil dasturchi Ivan O‘zbekistonga 1 mart kuni oilasi bilan kelgan va Turkiyaga ketishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, O‘zbekistonda yashash juda qimmat. Nikolay (Software Developer) ham O‘zbekistonni «boshqa mamlakatga ketish uchun oraliq punkt» deb hisoblaydi.

So‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pchiligi uchun O‘zbekistondagi sharoitlar jozibali bo‘lib tuyulgan. O‘zbekistonda xususiy korxona ochib, o‘z-o‘zini band qilgan shaxs maqomini olish yoki mahalliy IT-park rezidenti bo‘lib, 7,5 foiz daromad solig‘ini to‘lash mumkin. Kompaniya buning uchun O‘zbekiston hududida yuridik shaxs tashkil etishi, «iqtisodiy asoslangan biznes-rejasi bo‘lishi va faoliyatini maxsus ro‘yxatga asosan amalga oshirishi lozim».

2. O‘zbekistonga qanday yetib kelishdi?

Nikolay Toshkentga 15 mart kuni Rossiya orqali kelgan. «Moskvadan uchdim, bojxonada so‘roq qilishdi, kelishdan maqsadim, kim bo‘lib ishlayman, keyinchalik o‘sha yerda ishlaymanmi va hokazo. Telegram, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarimni ko‘rishdi. Qo‘rqinchli emas, lekin yoqimsiz holat».

Ma’lum qilinishicha, boshqa qahramonlarni hech kim so‘roq qilmagan, ammo chipta olish muammo bo‘lgan. DevOPS-muhandis Antonni uning xotini, uch farzandi va ikkita iti bilan birga kompaniya olib kelgan.

Dasturchilarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab aytichilarni aeroportda mahalliy IT-park vakillari kutib olib, ularni mikroavtobuslarda mehmonxonaga olib ketishmoqda.

3. Ro‘yxatdan o‘tish: uch kunda ulgurish kerak

O‘zbekistonga xorij fuqarosi kelganidan so‘ng, ro‘yxatdan o‘tish uchun unda uch kunlik muhlat bor.

«Agar siz mehmonxonaga joylashsangiz, muassasa barcha xujjatlarni tayyorlashni o‘z bo‘yniga oladi. Agar ijarada tursangiz uy egasidan vaqtinchalik ruyhatga qo‘shib qo‘yishini so‘rash kerak. Agar uch kunda ulgurmasangiz 150 dollar jarima», — deydi dasturchilardan biri.

4. Bank kartasini olish: 10 daqiqa va 10 dollar

So‘rovnoma ishtirokchilari O‘zbekistonda bank kartasi olish muammo emasligini aytishgan: Anton 10 dollarga va 10 daqiqa ichida MasterCard, 10 dollarga va 3 daqiqa ichida mahalliy Uzcard kartasini olgan. Qolganlar karta ochtirishmagan — 1 aprelni kutishgan. Shu kundan «aytichilarning ishga joylashishi uchun yengilliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan».

5. Uy-joy kutilganidan ko‘ra qimmat

Ma’lum qilinishicha, Toshkentga oilasi va itlari bilan kelgan Anton dastlab mehmonxonada besh kunga nomer olgan, lekin keyin bir oyga uzaytirgan (bir sutka turish 70 dollar, bir oyga esa 1300 dollar). Sababi kvartira topish cho‘zilib ketgan. Mahalliy ijarachilarning 95 foizi mushuklarni uyga qo‘yishga tayyor, ammo itlarni kiritilishiga mutlaqo qarshi, deydi u. Anton oxir-oqibat 600 dollarga uch xonali uy topgan.

Dasturchilarning aytishlaricha, migrantlar oqimi o‘sgani sababli Toshkentda ijara narxlari oshib ketgan.

«Uylar qimmat. Mehmonxonalar bir tun uchun 40 dollardan boshlanadi (uni izlab topish kerak). Sutkalik kvartiralar ham arzon emas. Qisqa muddatlik ijara takliflari kam. Uyni agent (riyeltor)siz topish juda qiyin, agentlar esa birinchi oy to‘lovidan 30−50 foiz komissiya olishni istashadi, — deydi Ivan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, metro liniyasida joylashgan «suvaraklarsiz 2−3 xonali uy» ijarasi 600 dollardan boshlanadi. Shuningdek, kommunal to‘lovlar, agent (riyeltor) komissiyasi, ba’zan garov ham bor. Dasturchi shaxar markazidan 800 dollarga holati unchalik ajoyib bo‘lmagan kvartira topganligini aytadi.

«Ammo shunga ham xursand bo‘ldim, yosh bolam bilan mehmonxonada yashashdan to‘ygandim», — deydi u.

Boshqa dasturchi Telegram-chat orqali 800 dollarga kvartira topgan va to‘rt nafar hamkasbi bilan yashamoqda. Ular mahalliy riyeltorlar haqida salbiy fikrda: riyeltorlarning ishi kvartira egasi bilan kelishayotganingda sening yoningda turish va unga «bular tuzuk odamlar, kvartirani beraylik» deyish xolos.

Dmitriyning (Python developer) ta’kidlashicha, «oxirgi paytda uzoq muddatga ijara rasmiylashtirgan chet elliklarning uylariga ichki ishlar organlari xodimlari kelmoqda».

«Ammo suhbatlar „juda xushmuomala“ o‘tadi. Shunchaki hududlarida kim yashayotganini bilish uchun kelishganini aytishadi», deyiladi xabarda

6. Internet: past tezlik va ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi

Nikolayning aytishicha, shahardagi internetga chidasa bo‘ladi, Rossiya va Belarus kompaniyalari joy bron qilib qo‘yayotgan kovorkinglarda bemalol ishlash mumkin. Vitalikning (dasturchi) so‘zlariga ko‘ra, kovorking markazida ishlash kuniga 100 ming so‘m atrofida (8,60 dollar) turadi.

«Internet — unchalikmas, oyiga 120 ming so‘m (10,4 dollar), 50 Mb/s, lekin ping juda yuqori — 200−300 atrofida. Ammo aksariyat kovorkinglarda kalyan bor: 18:00—19:00dan keyin bu yer gavjum bo‘ladi, bu vaqtda chekish ham mumkin», — deydi Vitalik.

«Internet sifati dahshat, bloklashlar kuchli. Buyurtmachining resurslariga VPN orqali kirishda muammolar paydo bo‘lishiga tayyor turish kerak. Vaqti-vaqti bilan internetdan rouming orqali foydalanishga to‘g‘ri keladi, chunki boshqa variantlar ishlamaydi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ivan 100 Mb/s tezlikdagi internet unga oyiga 180 ming so‘mga (15 dollar) tushayotganini aytgan. Ammo «soat 21:00dan keyin tezlik 25 Mb/sgacha tushib ketadi». Dmitriy ham shunday fikrda — kechki payt internet tezligi pasayib ketadi.

Dasturchilar shuningdek O‘zbekistonda Twitter, TikTok va «VKontakte» bloklanganligini ham qayd etishgan.

7. Toshkentda yashash qanchaga tushadi?

Ivanning so‘zlariga ko‘ra Belarus va Rossiya mahsulotlari O‘zbekistonda ko‘p, ammo O‘zbekiston paxta yetishtiruvchi davlat bo‘lishiga qaramay savdo markazlarida kiyimlar qimmat.

«Men ikki katta yoshli va bir yosh bola bilan kafeda ovqatlandim — hammamiz uchun 12−15 dollar bo‘ldi. Arzonroq choyxona yaqinida yashasang, uyda ovqat qilmasang ham bo‘ladi. Katta tovoqdagi osh 2−3 dollar turadi», — deydi Ivan.

8. «Mahalliy aholi pul sarflashga tayyor odamlar kelganidan xursand»

So‘rovnoma ishtirokchilari toshkentliklar juda mehmondo‘st va xushmuomala ekanliklarini qayd etgan. «Mahalliy aholi pul sarflashga tayyor odamlar sinfi kelganidan xursand», — deb hisoblaydi Anton. «Belaruslarga nisbatan munosabat yaxshi, mahalliy IT-parkdagilar ularning moslashishiga yordam berishmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan Dmitriy.

«Umuman olganda, bir necha yil avvalgi Minskni eslatadi. Toshkent infratuzilmasi sovet davrida qurilgan infratuzilmaga o‘xshaydi. Bir qarashda barchani qoniqtiradigan o‘sha avtoritarizm. Mahalliy davlat gazetasini ko‘zdan kechirdim — 2020 yilga qadar chiqqan «Sovet Belorussiya"si gazetasiga o‘xshaydi», — deya ta’kidlagan Dmitriy.

«Mahalliy aholi bizni mehmon deb ataydi. Ilgari qanday yashagan bo‘lsak, shunday yashashimiz mumkin. Asosiysi, „to‘g‘ri“ bo‘lsang bo‘ldi. Ko‘pchilik rus tilida gaplashadi yoki tushunadi», — deydi Vitalik. Uning qo‘shimcha qilishicha, u O‘zbekistonni doimiy yashash joyi sifatida tanlamagan bo‘lardi, ammo bu yer albatta kelishga arziydi.

O‘zbekistondagi hayot haqida yana ayrim fikrlar

«Kun va tun juda tez almashadi, 18:00dan keyin bu yerdagilar yarim uyquda yurishadi, ammo uyg‘onish juda oson».

«Bu yerda hamma mashinalar bir xil — oq rangli Chevrolet. Haydovchilar juda tez va zich yurishadi. Yo‘lni kesib o‘tayotganda hushyor bo‘lish kerak, piyodalarga yo‘l berishni xohlashmaydi».

«Shahar muhiti juda bahstalab. Parklar ko‘p, lekin bu yerda piyodalar hech kim emas. Yo‘llar keng, ba’zan kesib o‘tish joyini topish uchun kilometrlab yurish kerak. Kesib o‘tish joylarida svetofor yo‘q va hech kim senga yo‘l berishga shoshilmaydi».

«Bu yerda hamma mehmondo‘st, uylariga chaqirishadi, palov bilan mehmon qilishadi».

«Ko‘chalarda formali odamlar ko‘p».